Uy-joy xaridi uchun subsidiya olish tartibi qanday?
2 oktabr soat 9:00 dan boshlab 2025 yil uchun ajratilgan, ammo foydalanilmay qolgan ipoteka subsidiyalari boʻyicha arizalar qabul qilish jarayoni qayta ochildi.
Pinkod ipoteka subsidiyasini olish tartibi va shartlari haqida qoʻllanma tayyorladi.

2025 yil 2 oktabr kuni soat 9:00 dan boshlab ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabul qilish jarayoni yana ochildi. Bu safar qabul 2025 yil uchun ajratilgan, biroq foydalanilmay qolgan subsidiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur subsidiyalar orqali fuqarolar yangi uy-joy xarid qilish yoki ipoteka kreditlarining ayrim shartlarini yengillashtirish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Pinkod ipoteka subsidiyasini olish tartibi va shartlari haqida batafsil qoʻllanmani taqdim etadi.
Subsidiyalarni taqsimlash tartibi
Subsidiyalarni berishda ijtimoiy mezonlar tizimi joriy etilgan. Bu tizimga koʻra, har bir ariza topshiruvchi turli mezonlar boʻyicha ball toʻplab, umumiy reytingda oʻz oʻrnini egallaydi. Eng koʻp ball yiqqan fuqarolar subsidiyani olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Daromad mezonlari
Hududlar (Qoraqalpogʻiston va viloyatlar) boʻyicha:
- MHTEKMning 2,7 barobaridan 7 barobarigacha (3 118 500 – 8 085 000 soʻm) → 10 ball
- MHTEKMning 7–8 barobari (8 085 000 – 9 240 000 soʻm) → 5 ball
Toshkent shahri boʻyicha:
- MHTEKMning 2,7 barobaridan 8 barobarigacha (3 118 500 – 9 240 000 soʻm) → 10 ball
- MHTEKMning 8–9,2 barobari (9 240 000 – 10 626 000 soʻm) → 5 ball
Qoʻshimcha mezonlar
- Ariza beruvchi yoki uning oila aʼzolariga tegishli uy-joy yoki boshqa koʻchmas mulk mavjud boʻlmasa → 20 ball
- “Labor-migratsiya” dasturida roʻyxatdan oʻtgan mehnat migrantlari → 10 ball
- Chekka yoki olis hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tibbiyot xodimlari → 5 ball
- 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar → 5 ball
- Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar (ajrashgan, beva yoki yolgʻiz ona) → 5 ball
- “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimida roʻyxatdan oʻtgan shaxslar → 5 ball
Shu tariqa, turli mezonlarga koʻra ballar yigʻilib, subsidiya olish uchun umumiy baholash amalga oshiriladi.
Subsidiyaning miqdori va toʻlash tartibi
2024 yildan boshlab yangi uylar uchun ipoteka kreditlariga subsidiya qatʼiy 30 mln soʻm miqdorida ajratilmoqda.
Biroq talabgor xohishiga qarab, subsidiya quyidagi shakllarda ham berilishi mumkin:
- Dastlabki toʻlovning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kredit summasining 15 foizi miqdorida;
- Foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddati davomida dastlabki 5 yil ichida 12 foizdan oshgan qismiga.
Kredit summasi subsidiyalar asosida quyidagicha belgilanadi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar – 330 mln soʻmgacha ipoteka krediti;
- Toshkent shahri – 420 mln soʻmgacha ipoteka krediti.
Shuningdek, agar dastlabki toʻlovning bir qismini qoplash varianti tanlansa, fuqaro 50 mln soʻmgacha subsidiyaga ega boʻlishi mumkin.
Qaysi hollarda subsidiya rad etiladi?
Subsidiyalar barcha ariza beruvchilarga berilavermaydi. Quyidagi hollarda subsidiya olish imkoni mavjud emas:
- Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos kelmasa;
- Taqdim etilgan hujjatlar yoki maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlsa;
- Ilgari imtiyozli ipoteka krediti asosida subsidiya olgan shaxslar (hatto oʻsha uy-joy keyinchalik boshqa shaxsga sotilgan boʻlsa ham) qayta murojaat qilsa;
- Joriy yil uchun hudud boʻyicha ajratilgan subsidiya soni tugab qolsa.