Unutilgan taʼsischi: Apple’dagi kamida $75 mlrdlik ulushini $800 ga sotib yuborgan Ronald Ueyn haqida
Apple kompaniyasining ilk kunlarida asoschi sifatida ishtirok etgan Ronald Ueyn atigi 12 kundan soʻng oʻz ulushini $800 evaziga sotib chiqib ketgan. Bugun u ulushining qiymati kamida $75 milliard boʻlishi mumkin edi. Bu safargi shaxslarga oid maqolada Pinkod texnologiya tarixidagi eng afsusli qarorlardan biri haqida hikoya qiladi.

Bugun kunga kelib Apple kompaniyasining bozor qiymati 3 trillion AQSh dollaridan oshgan. Bu raqamni koʻrgan har qanday odam, Apple asoschilari dunyodagi eng omadli va dono ishbilarmonlar boʻlgan degan fikrga keladi.
Apple’ning hammaga mashhur asoschilari Stiv Jobs va Stiv Voznyak texnologiya tarixiga oʻz nomini abadiy muhrlagan. Biroq bu ikki daho bilan birga, kompaniyani barpo etishda muhim rol oʻynagan, ammo kam tanilgan Ronald Ueyn ismli yana bir inson bor edi.
1976 yilda, Apple Computer kompaniyasi rasmiy tashkil etilganda, Ronald Ueyn bu guruhning eng yoshi katta va tajribali aʼzosi edi. Oʻsha paytda Atari elektronika kompaniyasida ishlayotgan 41 yoshli Ueyn, Stiv Jobsning yaqin doʻsti boʻlib, Voznyakni Apple’ni rasmiylashtirishga koʻndirishda muhim vositachi boʻlgan. U kompaniyaning ilk nizomini yozgan, dastlabki hujjatlarni tuzgan va Apple logotipining birinchi versiyasini chizgan inson sifatida tarixga kirgan.
Ushbu xizmatlari evaziga Ronald Ueyn kompaniyada 10% ulushga ega boʻlgan. Jobs va Voznyak esa har biri 45% ulushdan egallagan.
12 kun ichida $800 evaziga chiqib ketish
Apple tashkil etilganidan atigi 12 kun oʻtgach, Ronald Ueyn kompaniyani tark etadi va oʻzining 10% ulushini bor-yoʻgʻi $800 evaziga sotadi. Bu qaror bugun juda noaniq yoki hatto “ahmoqona” tuyulishi mumkin, ammo oʻsha davrdagi sharoitni hisobga olgan holda, Ueyn juda ehtiyotkorona va asosli qaror qabul qilgan deyish mumkin.
Jobs oʻsha paytda 15,000 dollar qarz olib, Byte Shop’dan kompyuterlar uchun buyurtma oladi. Bu doʻkon ilgari ham pul toʻlashda muammoli mijoz sifatida tanilgan edi. Agar Byte Shop pulni toʻlamasa, kompaniya katta qarzga botgan boʻlardi. Jobs va Voznyakning shaxsiy moliyaviy resurslari yoʻq edi, ammo Ronald Ueyn oʻzining uyi, mashinasi va bankdagi jamgʻarmasi bilan qonuniy javobgar boʻlishi mumkin edi.
Ueyn bu xavfli sarmoyaga aralashishni xohlamadi va kompaniyani tark etdi. Keyinchalik, u barcha huquqlardan voz kechishi uchun yana $1,500 tovon puli oladi.
Agar qolganida…
Bugun, Apple’ning 3 trillion dollarlik qiymati hisobga olinsa, Ueynning dastlabki 10% ulushi 300 milliard dollarga yaqin boʻlishi mumkin edi. Hatto aksiyalar bozorda suyultirilgan va yangi investorlar ulushga ega boʻlgan holatda ham, uning hissasi kamida $75 milliard atrofida baholanishi mumkin edi.
Bu texnologiya tarixidagi eng katta qoʻldan boy berilgan imkoniyatlardan biri sifatida qaraladi.
“Qabrimdagi eng boy odam boʻlardim”
Ronald Ueyn oʻz qarorini yillar davomida koʻp marotaba izohlab bergan. CNN va Business Insider’ga bergan intervyularida u shunday degan:
“Agar Apple’da qolganimda, qabrimdagi eng boy odam boʻlardim. Lekin men oʻz hayotimni nazorat qila olmasdim”.
Ueyn oʻzi hayotining qolgan qismini Jobs va Vozning soyasida, hujjatlar va texnik tavsiflar ustida ishlash bilan oʻtkazishini tushungan. U mustaqil loyiha va shaxsiy erkinlikni boylikdan ustun qoʻygan.
Bugun 91 yoshga kirgan Ronald Ueyn katta boylik egasi boʻlmasa-da, hayotidan norozilik bildirmaydi. U ijtimoiy nafaqa va uyining bir qismini ijaraga berish orqali kun kechiradi.
“Men hech qachon boy boʻlmaganman, lekin hech qachon och qolmaganman ham”, — deydi u.