Uch olim innovatsiyaga asoslangan iqtisodiy oʻsish nazariyasi uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻldi
Shvetsiya Fanlar akademiyasi 2025 yilgi iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotini Joel Mokir, Filipp Agion va Piter Xovittga topshirdi.
Ular innovatsiya va texnologik yangilanishning iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi omil sifatidagi rolini ilmiy asoslab berganligi uchun taqdirlandi.
Mukofot miqdori 11 million shved kronasi (taxminan $1,2 mln) boʻlib, uning yarmi Mokirga, qolgan yarmi esa Agion va Xovittga beriladi.

Joel Mokir, Filipp Agion va Piter Xovitt 2025 yilda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Ular “innovatsiyaga asoslangan iqtisodiy oʻsish” jarayonini tushuntirib berganligi uchun mukofot bilan taqdirlandi.
Mukofot miqdori 11 million shved kronasi (taxminan 1,2 million dollar)ni tashkil etadi. Bu yilgi Nobel mukofotlari orasidagi soʻnggisi iqtisodiyot yoʻnalishiga bagʻishlandi.
Akademiya bayonotida taʼkidlanishicha, olimlar insoniyat tarixida iqtisodiy oʻsish doimiy jarayon boʻlmaganini, aksincha, uzoq davrlar davomida turgʻunlik hukm surganini koʻrsatishgan. Ularning ishlari iqtisodiy oʻsishni saqlab qolish uchun doimiy eʼtibor, innovatsiya va harakat zarurligini asoslab bergan.
Nobel qoʻmitasi aʼzosi Jon Hasslerning soʻzlariga koʻra:
“Joel Mokir tarixiy kuzatuvlardan foydalanib, texnologik innovatsiyalarga asoslangan barqaror oʻsish uchun zarur omillarni aniqlagan. Filipp Agion va Piter Xovitt esa ʼijodiy vayronagarchilikʼ (creative destruction) jarayonini matematik model orqali tushuntirib bergan — bu jarayonda yangi va yaxshiroq mahsulotlar eski mahsulotlarni doimiy ravishda almashtirib boradi”.
Nobel mukofotlari shved ixtirochisi Alfred Nobel vasiyatiga binoan 1901 yildan beri topshirib kelinadi. Iqtisodiyot boʻyicha mukofot esa keyinchalik — 1969 yilda joriy etilgan. Birinchi sovrindorlar norvegiyalik Ragnar Frisch va niderlandiyalik Jan Tinbergen boʻlgan.
Oldingi yillarda bu mukofotni Ben Bernanke, Paul Krugman va Milton Friedman kabi mashhur iqtisodchilar qoʻlga kiritgan.
Oʻtgan yili esa Simon Jonson, James Robinson va Daron Ajemogʻlu mustamlakachilik, davlat institutlari va mamlakatlarning rivojlanish darajasi oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganganliklari uchun mukofot olgan edi.