Turonbankni sotish kechikishi, Aloqabank xususiylashtirilishi esa bekor boʻlishi mumkin — Fitch
Fitch Ratings Aloqabank va Turonbankning xususiylashtirilishi yaqin yillarda amalga oshishini kutmayapti. Agentlik fikricha, ushbu banklarni xorijiy strategik investorlarga sotish uchun avval yirikroq banklar muvaffaqiyatli xususiylashtirilishi va banklarning biznes modeli jiddiy transformatsiya qilinishi kerak.

Avvalroq Fitch Ratings Oʻzbekistondagi davlat ulushiga ega 7 ta bank boʻyicha reyting harakatlarini eʼlon qilgan edi. Agentlik ushbu banklar prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirgan. Prognozi yaxshilangan banklar qatorida Aloqabank va Turonbank ham bor.
Fitch oʻz izohida ushbu ikki bankning xususiylashtirilishi masalasiga ham alohida toʻxtalgan. Agentlikka koʻra, hukumat Aloqabank va Turonbankdagi nazorat paketlarini 2030 yil oxirigacha xorijiy strategik investorlarga sotishni rejalashtirgan. Shunga qaramay, Fitch bu jarayon yaqin muddatda amalga oshishini kutmayapti.
Avval yirik banklar sotilishi kerak
Fitch bahosiga koʻra, Aloqabank va Turonbankning xususiylashtirilishi yirikroq davlat banklari muvaffaqiyatli sotilganidan keyingina real koʻrinish olishi mumkin.
Agentlik bunday jarayon 2027 yildan oldin boshlanishini kutmaydi. Yaʼni Aloqabank va Turonbank boʻyicha sotuv rejalari mavjud boʻlsa-da, ularning amaliy bosqichga chiqishi yaqin orada kutilmayapti.
Fitchʼga koʻra, ushbu banklarni muvaffaqiyatli sotish uchun faqat investor topishning oʻzi yetarli emas. Banklarning biznes modeli keng koʻlamda oʻzgartirilishi kerak.
Agentlik bunday transformatsiya kamida bir necha yil vaqt olishini prognoz qilmoqda. Bu esa xususiylashtirish jarayonining choʻzilishi mumkinligini anglatadi.
Aloqabank boʻyicha xususiylashtirish ehtimoli yanada pastroq
Fitch Aloqabank boʻyicha alohida izoh bergan. Agentlikka koʻra, bank 2025 yilda yangi siyosiy rolni qabul qilgani sababli uning sotilishi ehtimoli yanada pasaygan.
Fitch fikricha, Aloqabank boʻyicha xususiylashtirish rejalari yakunda bekor qilinishi ham mumkin.
Bu bankning davlat dasturlari va ustuvor yoʻnalishlardagi roli kuchaygani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Shu sababli agentlik Aloqabankni hali ham davlat qoʻllovi bilan bogʻliq bank sifatida baholamoqda.
Davlat qoʻllovi saqlanib qoladi
Fitch Aloqabank va Turonbank davlat nazoratida qolayotgan davrda hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi mumkinligini reyting bahosida inobatga olgan.
Agentlik ushbu banklar boʻyicha davlat qoʻllovi omilini saqlab qolgan. Bu ularning reytinglari baholanishida muhim omil boʻlib qolmoqda.
Shu bilan birga, Fitch Turonbankni suveren reytingdan bir pogʻona past baholagan. Bunga bankning kichikroq hajmi, tizim uchun nisbatan past ahamiyati va aniq belgilangan siyosiy rolining yoʻqligi sabab boʻlgan.
Xususiylashtirish tezlashsa, reytingga bosim boʻlishi mumkin
Fitch Aloqabank va Turonbank boʻyicha xususiylashtirish jarayonining tezlashishini ehtimoliy xatar sifatida koʻrsatgan.
Agar hukumat ushbu banklarni sotish rejasini jadallashtirsa va natijada ularning davlat bilan aloqasi zaiflashsa, bu reytinglarga salbiy taʼsir qilishi mumkin.
Umuman olganda, Fitch bahosiga koʻra, Aloqabank va Turonbank xususiylashtirish rejasida qolayotgan boʻlsa-da, ularning yaqin orada sotilishi kutilmayapti. Ayniqsa, Aloqabank boʻyicha xususiylashtirish ehtimoli bankning yangi siyosiy roli sabab yanada past baholanmoqda.









