Toshkentning qaysi tumanida uy-joy narxi arzonroq?
Eng yuqori birlamchi uy-joy va ijara narxi Miroobod tumanida kuzatilgan boʻlsa, eng past koʻrsatkichlar Bektemir tumanida qayd etildi.
Ikkilamchi bozorda esa Yakkasaroy eng qimmati, Sirgʻali esa eng arzoni boʻlib turibdi.

Oʻzbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Toshkent shahri uy-joy bozorining 2025 yilning ikkinchi choragi boʻyicha tahlilini taqdim etdi. Hisobotga koʻra, poytaxt tumanlarida birlamchi va ikkilamchi uy-joy narxlari hamda ijara qiymatlarida turlicha dinamik kuzatildi.
Tumanlar kesimida narxlar
Mirobod – Toshkentning eng qimmat tumanlaridan biri boʻlib qolmoqda. Bu yerda 1 kv.m birlamchi uy narxi 17,162 mln soʻm, ikkilamchi uylar 16,643 mln soʻm, ijara esa 137,1 ming soʻmni tashkil etdi. Chorak davomida birlamchi bozor 0,9 %, ikkilamchi 3,6 foiz, ijara esa 3,2 foiz qimmatlashgan.
Yakkasaroyda birlamchi uylar oʻrtacha narxi 15,682 mln soʻm, ikkilamchi 15,669 mln soʻm, ijara esa 126,9 ming soʻmni tashkil qildi. Hisobot davrida birlamchi va ikkilamchi uylar mos ravishda 3,2 foiz va 2,9 foizga arzonlashgan, biroq ijara bozori 3,5 foizga koʻtarilgan.
Shayxontohur – markaziy hududlardan biri boʻlib, bu yerda birlamchi uylar 16,241 mln soʻm, ikkilamchi uylar 14,811 mln soʻm, ijara esa 119,3 ming soʻmni tashkil etdi. Chorak davomida birlamchi bozor 1,7 foizga koʻtarilgan, biroq ikkilamchi (-1,2 %) va ijara (-6,3 %) pasaygan.
Mirzo Ulugʻbek tumanida esa birlamchi uylar narxi 15,527 mln soʻm, ikkilamchi 13,964 mln soʻm, ijara esa 109,2 ming soʻmni tashkil qildi. Davr davomida birlamchi uylar 3,7 foiz, ikkilamchi uylar 2,6 foiz, ijara esa 3,6 foizga pasaydi.
Yunusobod poytaxtning yirik tumanlaridan biri boʻlib, bu yerda uy-joy bozori pasayish bosqichida. Birlamchi narxlar 14,345 mln soʻm, ikkilamchi 13,929 mln soʻm, ijara esa 99 ming soʻm. Chorak davomida birlamchi uylar 0,9 foiz, ikkilamchi uylar 0,6 foiz, ijara esa 1,9 foizga arzonlashdi.
Yashnobod tumanida birlamchi bozordagi uylar narxi 14,599 mln soʻm, ikkilamchi 12,907 mln soʻm, ijara 95,2 ming soʻmni tashkil qiladi. Birlamchi uylar 1,3 foizga qimmatlashgan boʻlsa, ikkilamchi (-2,2 %) va ijara (-3,6 %) arzonlashdi.

Olmazorda birlamchi uylar 13,584 mln soʻm, ikkilamchi 12,695 mln soʻm, ijara esa 95,2 ming soʻm. Birlamchi (-2,7 %) va ikkilamchi (-2,1 %) pasaygan, biroq ijarada 5 foizlik oʻsish kuzatildi.
Chilonzor – birlamchi uylar narxi 14,028 mln soʻm, ikkilamchi 14,323 mln soʻm, ijara esa 96,5 ming soʻm. Bu tumanda birlamchi (-2,2 %), ikkilamchi (-2,4 %) va ijara (-1,5 %) pasaygan.
Uchtepa – oʻrtacha segmentda joylashgan boʻlib, birlamchi uylar 13,711 mln soʻm, ikkilamchi 13,251 mln soʻm, ijara esa 86,3 ming soʻm.
Bektemir – Toshkentning eng arzon tumanlaridan biri. Bu hududda birlamchi uy narxi 10,219 mln soʻm, ikkilamchi 11,202 mln soʻm, ijara esa 69,8 ming soʻmni tashkil qilmoqda.
Sirgʻali – narxlar nisbatan arzon boʻlib, birlamchi uylar 11,045 mln soʻm, ikkilamchi 11,071 mln soʻm, ijara esa 78,7 ming soʻmni tashkil etdi. Ushbu hududda birlamchi (-2,9%) va ikkilamchi (-3,1%) narxlar pasaygan, ijara esa deyarli oʻzgarmay qolib, -0,1 foizni tashkil etdi.