Qurilish vazirligi binosi yana auksionga qoʻyildi
Abdulla Qodiriy va Abay koʻchalari kesishmasida joylashgan obʼektning boshlangʻich narxi 187,2 mlrd soʻm etib belgilangan. Mazkur bino boʻyicha oʻtkazilgan avvalgi auksionda “Oʻzshahar Qurilish Invest” kompaniyasi 182,5 mlrd soʻmlik taklif bilan gʻolib boʻlgan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yana bir bor Toshkent shahridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosini sotuvga qoʻydi. Bu haqda E-auksion platformasida maʼlum qilindi.
Yetti qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay koʻchalari kesishmasida, Oʻrda massivi tomonda joylashgan (yonida “Turonbank” ofisi va Yosh tomoshabinlar teatri hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi binosi bor). Binoning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni, unga tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi.
Obʼektda barcha kommunikatsiyalar mavjud — elektr energiyasi, gaz, suv taʼminoti va kanalizatsiya. Xaridor obʼektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat koʻrsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak.
Lotning yangi boshlangʻich narxi 187,238 milliard soʻm etib belgilangan. Auksion 15 may kuni soat 10:00 da boʻlib oʻtadi.
Lot ilk bor 2025 yil noyabr oyida davlat organlari binolarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq savdoga qoʻyilgan edi. Dekabr oyida oʻtkazilgan auksionda “Oʻzshahar Qurilish Invest” qurilish kompaniyasi 182,47 mlrd soʻmlik taklif bilan gʻolib boʻlgan.
Oʻshanda bino 130,3 mlrd soʻmlik boshlangʻich narx bilan sotuvga chiqarilgan. Lotni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyat ham mavjud boʻlgan.
Ushbu bino yana nega qayta auksionga chiqarilganining sabablari hozircha maʼlum emas.









