Toshkentda uy-joy sotib olish uchun deyarli 15 yil vaqt ketadi — ITIM
Nisbatan eng arzon uy-joy bozori Sirdaryo, Fargʻona va Qoraqalpogʻistonda kuzatilgan.
Toshkent shahri (14,9 yil), Samarqand (13,9 yil) va Navoiy (11,3 yil) viloyatlarida esa uy-joy xarid qilish uchun koʻproq vaqt talab etiladi.
Shuningdek, 2025 yil yanvar holatiga koʻra, tijorat ipoteka kreditlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 25,3% ga teng boʻldi.

Oʻzbekistonda uy-joy bozori soʻnggi yillarda sezilarli oʻzgarishlarga duch keldi. Qurilish surʼatlarining oshishi, ipoteka kreditlari hajmining koʻpayishi va talabning nisbatan barqarorlashuvi natijasida bozorning umumiy koʻrinishi shakllanmoqda. Bunga oid maʼlumotlar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida keltirib oʻtilgan.
Uy-joy taklifi va qurilish hajmi
2017 yildan boshlab mamlakatda uy-joy qurilishi jadal rivojlandi. 2010-2016 yillarda 400 ming dona yangi kvartira va xonadonlar qurilgan boʻlsa, 2017-2024 yillarda bu koʻrsatkich 1,65 millionga yetdi. Faqatgina 2024 yilda 100 mingdan ortiq kvartiraga ega koʻp qavatli uylar qurilib, umumiy uy-joylar soni 7,6 millionga yetdi. Shu bilan birga, foydalanishga topshirilgan turar-joy maydoni yiliga oʻrtacha 14 million kv.m. ni tashkil etdi. Bu oʻzgarishlar natijasida aholi jon boshiga uy-joy maydoni 2017 yildagi 15,7 kv.m.dan 2024-yilda 19 kv.m.ga yetdi.
Xarid qobiliyati
2021-2024 yillarda Oʻzbekistonda uy-joy xarid qilish qobiliyati yaxshilandi. 2021-2024 yillarda aholi daromadlari 87%ga oshgan boʻlsa, uy-joy narxlari 44% ga oshdi. Nisbatan eng arzon uy-joy bozori Qoraqalpogʻiston, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, ushbu hududlarda oʻrtacha 7,3 – 8,4 yil davomida daromad hisobidan uy sotib olish mumkin.

Toshkent shahri (14,9 yil), Samarqand (13,9 yil) va Navoiy (11,3 yil) viloyatlarida esa uy-joy xarid qilish uchun koʻproq vaqt talab etiladi. Ushbu koʻrsatkich aholi daromadlari va uy-joy narxlari oʻrtasidagi muvozanatni ifodalaydi.
Ipoteka kreditlari
Ipoteka kreditlari uy-joyga boʻlgan talabni qoʻllab-quvvatlaydigan asosiy omil boʻlib, soʻnggi yetti yil ichida sezilarli oʻsish kuzatildi. 2017-2024 yillarda ipoteka kreditlari hajmi 4,3 baravarga, kreditlar qoldigʻi esa 7 baravarga koʻpaygan. Biroq, 2023-2024 yillarda ipoteka kreditlari oʻsish surʼati sekinlashdi. 2022 yilda ipoteka kreditlash hajmi keskin oshgan boʻlsa, 2023 yilda oʻsish 12%, 2024 yilda esa 6% ga tushdi. 2019-2022 yillarda ajratilgan ipoteka kreditlarining 90% birlamchi bozorga toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2023-2024 yillarda bu koʻrsatkich 60%ga tushdi.
2025 yil yanvar holatiga koʻra, tijorat ipoteka kreditlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 25,3% ga teng boʻldi. 2025 yilda ham uy-joy bozorida talab va taklifni qoʻllab-quvvatlash davom etishi kutilmoqda. Shu maqsadda, 120 ming kvartirali koʻp qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Davlat byudjetidan uy-joy dasturlarini moliyalashtirish uchun 15,5 trln soʻm ajratilishi, tijorat banklari tomonidan esa qoʻshimcha 10 trln soʻm ipoteka kreditlari ajratilishi moʻljallanmoqda.
Narxlar dinamikasi
Soʻnggi yillarda uy-joy narxlari barqarorlashish tendensiyasiga ega boʻldi. 2023 yilda uy-joy narxlari oʻrtacha 23,6% ga oshgan boʻlsa, 2024 yilda bu oʻsish 6,2%ni tashkil etdi. 2024 yilda eng katta narx oʻsishi Toshkent viloyati (67%), Buxoro viloyati (65%), Fargʻona viloyati (54%) va Xorazm viloyati (52%) da kuzatildi. 2024 yil yakunida uy-joy narxlari oʻsishi pasayishdan toʻxtab, barqarorlik kuzatilmoqda.
Uy-joyga boʻlgan talab va oldi-sotdi
Uy-joy bozoridagi talab ham sezilarli darajada oʻzgardi. 2019-2021 yillarda uy-joy bozorida yillik oʻsish 10% dan yuqori boʻlgan. 2022 yildan boshlab esa oʻsish surʼati sekinlashib, 2022 yilda 3,8%, 2023 yilda 5,7% ni tashkil qildi. 2024 yilda esa oldi-sotdi bitimlari soni oʻtgan yilga nisbatan 5,8% ga pasayib, jami 256,6 mingta bitim qayd etildi.

Bunda bitimlarning kamayishi fevral-sentabr oylarida kuzatilib, yil oxiriga kelib biroz oʻsish kuzatildi.
Poytaxt ijara bozori
Toshkent shahrida ijara bozori ham oʻzgarishlarga duch keldi. 2024 yil dekabr holatiga koʻra, Toshkentda oʻrtacha ijara narxi 1 kv.m. uchun 8,2 dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 11,5% ga kam. 2022 yilda ijara narxlari 25%ga oshgan boʻlsa, 2023 yildan boshlab pasayish tendensiyasi qayd etildi. Shu bilan birga, 2025 yil boshiga kelib, Toshkent shahrida uy sotib olish ijara narxiga nisbatan maqbulroq boʻlib qolmoqda. Bunga uy-joy narxlarining sekin oʻsishi, ipoteka kreditlarining barqarorlashuvi va ijara bozoridagi talabning pasayishi sabab boʻlmoqda.