Toshkentda ijara bozori qanday oʻzgarmoqda?
May oyida Toshkentda uy-joy ijarasining umumiy median narxi $550 darajasida saqlanib qoldi. Biroq oy davomida bozordagi taklif hajmi qariyb 21 foizga qisqargan. Eng qimmat ijara narxlari Mirobod va Shayxontohur tumanlarida shakllanayotgan boʻlsa, nisbatan arzon variantlar Sergeli, Olmazor, Uchtepa va Chilonzorda koʻproq uchramoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2026 yil may oyida Toshkent shahridagi uy-joy ijara bozorini tahlil qildi. Hisob-kitoblar OLX platformasidagi eʼlonlar asosida shakllantirilgan.
Tahlilga koʻra, may oyida Toshkentda uy-joy ijarasining umumiy median narxi $550 ni tashkil etdi. Bu aprel oyidagi koʻrsatkich bilan bir xil. 2025 yil may oyiga nisbatan esa median narx 10 foizga yuqori boʻlib qolmoqda.
Shu bilan birga, bozordagi taklif hajmi kamaygan. May oyida ijara eʼlonlari soni 18,1 mingtaga tushdi. Aprelda bu koʻrsatkich 22,8 mingta edi. Yaʼni bir oy ichida eʼlonlar soni qariyb 21 foizga qisqargan.

Taklif hajmi boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani yetakchilik qilmoqda. May oyida ijara eʼlonlarining 16,9 foizi aynan shu tuman hissasiga toʻgʻri kelgan. Keyingi oʻrinlarda Mirobod 12,9 foiz va Yunusobod 12,6 foiz ulush bilan qayd etilgan. Umuman, eng faol uch tuman jami taklifning 42,4 foizini qamrab olgan.
Narxlar boʻyicha esa Mirobod tumani eng qimmat hudud sifatida ajralib turibdi. Bu tumanda median ijara narxi $800 atrofida shakllangan. Mirzo Ulugʻbek tumanida taklif hajmi eng yuqori boʻlsa-da, median narx $590 darajasida. Shahar boʻyicha asosiy ijara bozori esa koʻproq $450–500 oraligʻida jamlangan.
Xona soni boʻyicha qaralganda, eng qimmat va eng arzon hududlar oʻrtasidagi tafovut yanada aniqroq koʻrinadi. 1 xonali xonadonlarda eng yuqori median narx Mirobodda — $600. Eng arzon koʻrsatkich esa Olmazorda — $350. Farq $250 ni tashkil etgan.

2 xonali xonadonlarda ham Mirobod eng qimmat hududlardan biri boʻlib, median narx $700 ga yetgan. Bu segmentda eng arzon hudud Sergeli boʻlib, median narx $400 darajasida shakllangan. Yaʼni qimmat va arzon hududlar oʻrtasidagi farq $300 ni tashkil qilmoqda.
3 xonali xonadonlarda tafovut yanada kattaroq. Mirobodda median narx $1000 boʻlsa, Sergelida $450. Bu esa ikki hudud oʻrtasida $550 farq borligini koʻrsatadi.
4 va undan ortiq xonali uylar segmentida eng yuqori narx yana Mirobodda qayd etilgan — $1150. Eng arzon hudud sifatida esa Chilonzor koʻrsatilgan, bu yerda median narx $500 atrofida. Ushbu segmentda hududiy tafovut $650 ga yetgan.

Bozor tarkibida 2 xonali xonadonlar asosiy oʻrinni egallamoqda. May oyida ijara eʼlonlarining 59,6 foizi 2 xonali uylar hissasiga toʻgʻri kelgan. 3 xonali xonadonlar ulushi 26 foizni tashkil etgan. 1 xonali xonadonlar 10,9 foiz, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 3,5 foiz ulushga ega boʻlgan.
Yillik narx dinamikasi segmentlar boʻyicha turlicha shakllangan. 1 xonali xonadonlarda median narx $400 boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan 14,3 foizga oshgan. 2 xonali xonadonlarda median narx $500, 3 xonali xonadonlarda esa $700 darajasida saqlangan.
4 va undan ortiq xonali xonadonlarda esa narx pasaygan. Ushbu segmentda median ijara narxi $800 ni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan. Ayrim tumanlarda, xususan, Olmazor, Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod va Mirobodda bu segment boʻyicha pasayish kuzatilgan.









