Toshkentda bir sotix yer narxi 301 mln soʻmgacha pasaydi
Toshkentda 1 sotix yer narxi yillik hisobda 6,4 foizga pasayib, 301 mln soʻmni tashkil qildi. Biroq shu davrda birlamchi bozorda xonadonlar 8,1 foizga, ikkilamchi bozorda 9,4 foizga, poytaxtda ijara narxlari esa 6,9 foizga qimmatlagan.

2026 yilning birinchi choragi yakuniga koʻra, Toshkent shahrida 1 sotix yerning oʻrtacha narxi 301 mln soʻmni tashkil qildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga past koʻrsatkich hisoblanadi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, poytaxtda yer narxlari soʻnggi ikki yilda sezilarli oʻzgaruvchan dinamikada shakllandi. 2024 yil boshida 1 sotix yer narxi 370–380 mln soʻm atrofigacha chiqqan boʻlsa, keyingi davrda pasayish tendensiyasi kuchaygan.
Regulyator bunday pasayishni shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifining oshib borayotgani bilan izohlamoqda. Yaʼni bozorga koʻproq yer uchastkalari chiqishi ayrim hududlarda narxlarga pasaytiruvchi bosim bergan.
Bu holat koʻchmas mulk bozorining boshqa segmentlaridagi vaziyatdan farq qiladi. Birinchi chorakda koʻp qavatli uylardagi xonadonlar narxi oʻsishda davom etgan. Mart oyida birlamchi bozorda xonadonlar narxi dollar indeksda 8,1 foizga, soʻm indeksda 1,8 foizga oshgan.
Ikkilamchi bozorda esa oʻsish surʼati yuqoriroq boʻlib, xonadonlar narxi dollar indeksda 9,4 foizga, soʻm indeksda 3 foizga qimmatlashgan.
Yaʼni Toshkentda yer narxlari pasayayotgan bir paytda, xonadonlar bozorida narxlar oʻsishi saqlanib qolmoqda. Bu yer uchastkalari bozorida taklif oshayotgani, uy-joy bozorida esa talab hali ham yuqori ekanini koʻrsatadi.









