Toshkent tungi iqtisodiyoti: poytaxt 24/7 hayotga qanchalik tayyor?
Dunyoning yirik poytaxtlari tungi vaqtda milliardlab dollar daromad koʻrayotgan bir paytda, Toshkentda soat 00:00 dan keyin ochiq maskanlar soni 31 foizgacha tushib ketadi.
Uchtepa va Sergeli kabi tumanlarda esa tungi faollik darajasi boshqa tumanlarga nisbatan juda past boʻlib, mazkur hududlar faqat uxlash uchun moʻljallangan tumanlarga aylanib qolgan.
Xoʻsh, Toshkentni toʻxtovsiz ishlaydigan shaxarga aylantirish uchun nimalar qilish kerak?

Jahonning yirik megapolislari allaqachon tungi vaqtni shunchaki dam olish emas, balki daromad, bandlik va iqtisodiy oʻsishning muhim drayveriga aylantirib ulgurdi. Global urbanizatsiya va xizmatlar sohasining oʻsishi fonida “tungi iqtisodiyot” (night-time economy) tushunchasi shaharsozlik va iqtisodiy tahlilning markaziga chiqmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (IMRS) tomonidan Toshkent shahri misolida oʻtkazilgan tahlillar poytaxtning bu boradagi imkoniyatlari va mavjud toʻsiqlarni ochib berdi.
Tungi Toshkentning iqtisodiy xaritasi
Toshkentda tungi xizmatlar va koʻngilochar maskanlar tarmogʻi shakllanib ulgurgan, biroq ularning faollik darajasi vaqt oʻtishi bilan keskin pasayib boradi. OpenStreetMap maʼlumotlari asosida 1587 ta koʻngilochar maskan oʻrganilganda quyidagi tendensiya aniqlandi:

- Kechki soat 20:00 dan keyin obʼektlarning 75 foizi (1185 tasi) oʻz faoliyatini davom ettiradi.
- Soat 22:00 ga kelib bu koʻrsatkich 65 foizga (1029 taga) tushadi.
- Tungi soat 00:00 da esa bor-yoʻgʻi 31 foiz (501 ta) obʼekt ochiq qoladi.
- Tungi 22:00 dan keyin ishlaydigan maskanlarning yarmidan koʻpini gastronomik obʼektlar — kafelar (20,6%), restoranlar (17,3%) va fast-fudlar (14,6%) tashkil etadi.
“Yotoq tumanlar” fenomeni va markazlashuv
Toshkentning tungi iqtisodiyotida keskin hududiy nomutanosiblik mavjud. Soat 22:00 dan keyingi faollik asosan shahar markazida — Yakkasaroy (131 ta obʼekt) va Mirobod (112 ta obʼekt) tumanlarida jamlangan.

Buning aksi oʻlaroq, Uchtepa (52 ta), Sergeli (36 ta), Bektemir (26 ta) va Yangihayot (15 ta) kabi chekka tumanlarda tungi faollik juda past. Bu holat ushbu hududlarning faqat uxlash uchun moʻljallangan “yotoq tumanlarga” (dormitory districts) aylanib qolishiga olib kelmoqda. Oqibatda chekka tuman aholisi kechki hordiq uchun markazga intiladi, bu esa oʻz navbatida transport tizimiga yuklamani va yoʻllardagi tirbandlikni oshiradi.
Rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillar
Tungi biznesning kengayishi faqatgina talabga emas, balki shahar infratuzilmasiga bevosita bogʻliq.
1. Jamoat transportidagi cheklovlar
Poytaxtdagi 164 ta avtobus yoʻnalishidan 108 tasi faqat soat 23:00 gacha ishlaydi. Toshkent metropoliteni esa soat 00:00 da oʻz faoliyatini toʻxtatadi.Bu cheklovlar aholini qimmatroq taksi xizmatlaridan yoki shaxsiy avtomobildan foydalanishga majbur qilmoqda.

Eʼtiborlisi, yoʻl-transport hodisalarining eng yuqori koʻrsatkichlari aynan kechki 18:00 dan 22:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻiga toʻgʻri keladi.
2. Tungi yoritilganlik va xavfsizlik
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, koʻchalarning yoritilganlik darajasi biznes faolligiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi.

100x100 metrlik hududda yoritish intensivligining oshishi (taxminan 2-5 lux) tadbirkorlik subʼektining 22:00 dan keyin ishlash ehtimolini oʻrtacha 23 foizga oshiradi. 300x300 metrlik zonalarda esa yoritilganlik biznesning tungi faoliyat yuritish ehtimolini 54 foizgacha oshirishi mumkin.
Jahon tajribasi: Megapolislar qanday ishlaydi?
Xorij tajribasi shuni koʻrsatadiki, tungi iqtisodiyot alohida boshqaruv va qonunchilikni talab qiladi.
- London: Tungi iqtisodiyot hajmi 2024 yilda 153,9 milliard funt sterlingni tashkil etgan va bu sohada 1,3 million kishi band. Shaharda maxsus “Nightlife Taskforce” ekspertlar guruhi tungi infratuzilma va biznes imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlaydi.
- Amsterdam: 2012 yildayoq "Tungi mer" mustaqil nodavlat lavozimi joriy qilingan boʻlib, u biznes, aholi va hukumat oʻrtasidagi muloqotni taʼminlaydi. Tungi obʼektlar yiliga 1,25 milliard yevro daromad keltiradi.
- Shanxay: "Tungi Shanxay" brendi ostida festivallar va kechki savdo ragʻbatlantiriladi. Shaharning 75 foizi toʻliq tungi yoritish bilan taʼminlangan va jamoat transporti kechasi 4 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi.
- Istanbul: Istanbul shahrida tungi iqtisodiyot London va Amsterdam shaharlari tajribasidan farqli ravishda, alohida strategiya va mustaqil institutsional yondashuvga asoslanmagan boʻlib, u umumshahar rivojlanish siyosati doirasida shakllangan. Tungi xizmat koʻrsatish faoliyati asosan turizm, gastronomiya va madaniy tadbirlar bilan integratsiyalashgan holda rivojlanadi.
Qanday qadamlar tashlanishi kerak?
Toshkentni 24/7 formatidagi zamonaviy megapolisga aylantirish uchun IMRS tadqiqotchilari bir qator strategik yechimlarni taklif qilmoqda:
- Institutsional boshqaruv: Tungi iqtisodiyot ekotizimini muvofiqlashtirish uchun "Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha hokim oʻrinbosari" lavozimini joriy etish.
- Hududlarni toifalash: Shaharni tungi faolligiga qarab 3 ta toifaga (yadro, oʻsish hududlari va sust hududlar) ajratish va har biri uchun alohida dasturlar ishlab chiqish.
- Transport infratuzilmasi: Dam olish kunlari Toshkent metropoliteni ish vaqtini sinov tariqasida soat 01:00 gacha uzaytirish. Chekka tumanlarni markaz bilan bogʻlovchi maxsus tungi avtobus yoʻnalishlarini (juma-yakshanba kunlari) yoʻlga qoʻyish.
- Shahar muhitini moslashtirish: Piyodalar yoʻlaklarini toʻliq yoritish, 24 soat ishlaydigan sanitariya nuqtalarini oʻrnatish va tungi chiqindi yigʻish rejimini joriy qilish.
- Madaniy hayotni jonlantirish: Kechki yarmarkalar, ochiq osmon ostidagi kinoteatrlar, "muzeylar kechasi" va yagona tungi tadbirlar taqvimini ishlab chiqish.









