Toshkent ikkilamchi uy-joy bozorida yillik narxlar deyarli barcha segmentlarda oshdi
2026 yil may oyida Toshkentning ikkilamchi uy-joy bozorida toʻliq taʼmirlangan xonadonlar narxi tumanlar va xonalar soni boʻyicha koʻrib chiqilgan 40 ta yoʻnalishdan 39 tasida oʻtgan yilga nisbatan oshdi. Oylik dinamikada esa eng katta oʻsish bir xonali uylar segmentida kuzatildi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2026 yil may oyida Toshkent shahridagi koʻp qavatli uy-joylarning taklif narxlari va bozor faolligini tahlil qildi.
Tahlilga koʻra, birlamchi va ikkilamchi bozorda kichik hamda oʻrta xonali uylar narxi asosan barqaror yoki oʻsuvchi dinamikani saqlab qolgan. Katta — toʻrt va undan ortiq xonali xonadonlarda esa har ikki bozorda oylik pasayish qayd etilgan.
Ikkilamchi bozorda bir xonali uylar bir oyda 5,8 foiz qimmatlashdi
Apreldan mayga qadar ikkilamchi bozorda bir xonali uylarning bir kvadrat metri oʻrtacha 5,8 foizga yoki 86 dollarga qimmatlashdi. Ikki xonali uylar narxi 0,6 foizga, uch xonali uylar esa 0,5 foizga oshdi.
Toʻrt va undan ortiq xonali uylarning taklif narxi esa bir oy ichida 0,4 foizga yoki bir kvadrat metr hisobida 5 dollarga pasaydi.
Birlamchi bozorda eng katta oʻsish uch xonali xonadonlarda kuzatilib, narxlar bir oyda 2,7 foizga yoki 43 dollarga koʻtarildi. Bir xonali uylar 1,1 foizga qimmatlashgan boʻlsa, ikki xonali uylar 1,1 foizga, toʻrt va undan ortiq xonali uylar 1,5 foizga arzonlashdi.
Bu dinamika may oyida kichik va oʻrta hajmdagi xonadonlar segmenti yirik xonadonlarga qaraganda barqarorroq boʻlganini koʻrsatadi.
Ikkilamchi bozordagi 40 ta yoʻnalishdan 39 tasida yillik oʻsish
Toʻliq taʼmirlangan ikkilamchi uylarning narxlari tumanlar va xonalar soni boʻyicha tahlil qilinganda, 40 ta koʻrsatkichdan faqat bittasida yillik pasayish qayd etilgan. Mirzo Ulugʻbek tumanidagi toʻrt xonali uylar narxi 2025 yil mayiga nisbatan 1,3 foizga kamaygan.

Qolgan barcha tuman va segmentlarda narxlar yillik hisobda oshgan. Jumladan, bir xonali uylar narxining eng katta oʻsishi Mirzo Ulugʻbek tumanida — 19,4 foiz, Sergelida — 18,4 foiz va Yunusobodda — 15,4 foizni tashkil etdi.
Ikki xonali uylar segmentida Mirzo Ulugʻbek tumanida narxlar 18,3 foiz, Shayxontohurda 15,6 foiz va Yakkasaroyda 15,4 foizga oshgan.
Uch xonali uylar boʻyicha Yunusobodda 11,5 foizlik, Chilonzorda 8,7 foizlik va Mirzo Ulugʻbekda 8,2 foizlik yillik oʻsish qayd etilgan. Toʻrt xonali uylar orasida eng yuqori oʻsish Uchtepada — 14 foiz va Olmazorda — 12,6 foizni tashkil qilgan.
Miroboddagi uylar Sergelidan qariyb ikki baravar qimmat
Uy-joy narxlari hudud va taʼmir darajasiga qarab sezilarli farqlanmoqda. Birlamchi bozordagi toʻliq taʼmirlangan uylarning bir kvadrat metri Mirobod tumanida oʻrtacha 2 137 dollarni, Sergelida esa 1 070 dollarni tashkil etdi. Farq qariyb ikki baravar.
Ikkilamchi bozorda ham eng yuqori median narx Mirobodda qayd etilgan — bir kvadrat metr uchun 1 853 dollar. Sergelida mazkur koʻrsatkich 984 dollar boʻlib, tumanlar oʻrtasidagi tafovut 1,9 baravarni tashkil qilgan.
Oʻrta taʼmirlangan uylar boʻyicha birlamchi bozorda Miroboddagi narx 2 122 dollar, Uchtepada esa 1 037 dollarni tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda Miroboddagi oʻrta taʼmirlangan uylar bir kvadrat metri 1 531 dollardan, Sergelida esa 955 dollardan taklif etilgan.
Markazga yaqin Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida toʻliq taʼmirlangan uylarning narxi, xonalar soniga qarab, bir kvadrat metr uchun 1 298 dollardan 2 162 dollargacha shakllangan. Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlarida esa narxlar asosan 909–1 400 dollar oraligʻida boʻlgan.
Naqdsiz hisob-kitoblar hozircha narxlarga keskin taʼsir qilmagan
Institut baholashicha, uy-joy oldi-sotdisida naqdsiz hisob-kitob tartibining joriy etilishi aprel–may oylarida taklif narxlarining keskin oʻzgarishiga olib kelmagan.
Biroq yangi tartibning bozordagi yakuniy taʼsirini baholash uchun 2026 yilning ikkinchi va uchinchi choraklaridagi dinamika muhim boʻladi.









