Tesla Ilon Maskka $29 mlrdlik aksiyalar paketini taqdim etmoqda
Tesla kompaniyasi oʻz rahbari Ilon Mask uchun taxminan $29 mlrd qiymatidagi aksiyalar taqdim etishni maʼqulladi.
Bu qaror avval sud tomonidan bekor qilingan mukofotni qisman qoplash va Maskni kompaniyada saqlab qolish maqsadini koʻzlaydi.
Mask aksiyalarni olish uchun 2027 yilgacha Tesla’da asosiy rahbar sifatida ishlashda davom etishi lozim.

Tesla dunyoga mashhur rahbari Ilon Mask uchun taxminan $29 mlrd qiymatidagi aksiyalar taqdim etishni maʼqulladi. Bu haqda New York Times xabar berdi.
Kompaniya unga 96 millionta aksiya ajratish haqida qaror qabul qildi. Mask bu aksiyalarni faqatgina Tesla’da Bosh direktor lavozimida kamida ikki yil faoliyat yuritganidan soʻng qoʻlga kiritishi mumkin.
Bu paket 2018 yilda berilgan, ammo 2024 yil boshida sud tomonidan bekor qilingan rekord darajadagi mukofot rejasining qisman oʻrnini bosadi. Oʻshanda direktorlar kengashi $50 mlrddan ortiq mukofotni tasdiqlagan edi. Biroq 2024 yil boshida sud bu bitimni haqiqiy emas deb topdi. Sud qarorining asosiy sabablari sifatida manfaatlar toʻqnashuvi va aksiyadorlar ovoz berishdan avval barcha maʼlumotga ega boʻlmagani koʻrsatilgan.
Yangi aksiyalar paketi Maskning kompaniyadagi ovoz berishdagi ulushini bosqichma-bosqich oshirishni koʻzda tutadi. Direktorlar kengashi bu qarorni Maskning motivatsiyasini saqlab qolish va uning Tesla’ga boʻlgan diqqatini mustahkamlash uchun muhim, deb hisoblamoqda.
Mask aksiyalarni olish uchun 2027 yilgacha Tesla’da asosiy rahbar sifatida ishlashda davom etishi lozim. Bundan tashqari, taqdim etiladigan aksiyalar besh yil mobaynida sotilishi mumkin emas. Faqat soliq toʻlovlarini amalga oshirish yoki ularni $23,34 narxda qayta sotib olish uchun ayrim istisnolar mavjud.
Tesla investorlarining aksariyati ushbu qarorni ijobiy qabul qildi va natijada kompaniya aksiyalari premarket savdosida 2 foizdan ortiqka koʻtarildi. Ayrim tahlilchilar bu qaror Maskning Tesla’dagi kelajagi borasidagi noaniqliklarni bartaraf etganini taʼkidlamoqda.
"Bizningcha, bu mukofot endi Maskni kamida 2030 yilgacha Tesla bosh direktori sifatida olib qoladi va aksiyalarga bosim boʻlayotgan noaniqlikni yoʻqotadi", – dedi WedBush Securities tahlilchisi Den Ives oʻzining tadqiqot xulosasida.
Shu bilan birga, 2025 yil boshidan buyon Tesla aksiyalari 25 foizga arzonlashdi. Buning asosiy sababi sifatida Maskning AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan aloqalari, shuningdek, kompaniyaning Detroytdagi yirik avtomobilsozlar va Xitoydagi raqobatchilar bilan kuchli raqobatga duch kelayotgani koʻrsatiladi.