Ilon Mask uchar Tesla Roadster’ni taqdim etdi
Tesla va SpaceX muhandislari hamkorligida yaratilgan sport elektromobili reaktiv qurilmalar yordamida havoda manyovr bajara oladi. Taqdimotda Roadster soatiga qariyb 97 kilometr tezlikka 0,81 soniyada chiqqani koʻrsatildi. Modelni ishlab chiqarish 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Tesla AQShning Texas shtatida yangi Roadster’ni namoyish qildi. Taqdimot davomida avtomobil egri rampa boʻylab gʻildiraklari yuqoriga qaragan holatda harakatlandi, soʻng havoga koʻtarilib, aylandi va yerga qoʻndi. Namoyishning boshqa qismida esa mashina bir nechta avtomobil ustidan sakrab oʻtdi.
Tesla maʼlumotiga koʻra, yangi modelda avtomobil ostidagi havoni tortib chiqaradigan ventilyatorlar tizimi qoʻllangan. Bu mashinani sirtga bosib turuvchi qoʻshimcha kuch hosil qilib, uning yoʻl bilan ilashishini yaxshilaydi.
Havoga koʻtarilish va parvoz paytidagi harakatlarni boshqarish uchun esa sovuq gazli reaktiv qurilmalar ishlatiladi. Ilon Maskning tushuntirishicha, tizim yuqori bosim ostida saqlanadigan havodan foydalanadi.
Roadster uchta variantda taklif etiladi:
- Performance — ikki oʻrindiqli bazaviy versiya. Faol aerodinamika va avtomobilni yoʻlga bosib turuvchi tizim bilan jihozlanadi.
- Thrust — ikki oʻrindiqli, orqa qismiga reaktiv qurilmalar oʻrnatilgan versiya. Kompaniya uning soatiga qariyb 97 kilometr tezlikka bir soniyadan kam vaqtda chiqishini bildirmoqda.
- Rocket — bir oʻrindiqli uchar versiya. Kuzov atrofiga oʻrnatilgan reaktiv qurilmalar yuqoriga koʻtarilish va havoda aylanish imkonini beradi.

“Rocket” faqat taklif asosida taqdim etiladi. Tesla ushbu versiyaning umumiy foydalanishdagi yoʻllarda harakatlanishi uchun ruxsat olinmaganini qayd etgan.

Kompaniya avtomobilning yakuniy narxini hozircha ochiqlamadi. “Performance”ni oldindan band qilish uchun 50 ming dollar, “Thrust” uchun esa 250 ming dollar depozit talab etiladi. Bazaviy versiya boʻyicha dastlab 5 ming dollar, qolgan 45 ming dollarni oʻn kun ichida toʻlash kerak. Bu avtomobilning toʻliq narxi emas, uni band qilish uchun toʻlov hisoblanadi.









