Telegram’ning Whatsapp’dan ustunligini targʻib qilgan video ijodkorlarga $50 minggacha mukofot taklif qilinmoqda
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlardan maksimal uzunligi 180 soniyadan oshmaydigan, ingliz tilida boʻlgan, mazmunan aniq, vizual jihatdan taʼsirli va internetda tez tarqalish salohiyatiga ega video tayyorlash talab etiladi.

Telegram ilk bor kontent ijodkorlari uchun yirik mukofot jamgʻarmasini taqdim etuvchi tanlovni eʼlon qildi. Tanlov doirasida eng yaxshi videorolik mualliflari 50 000 AQSh dollarigacha mukofotga ega boʻlishlari mumkin.

Tanlov ishtirokchilaridan Telegram platformasining Whatsapp’ga nisbatan innovatsion ustunliklarini yorituvchi, ingliz tilida tayyorlangan qisqa videokontent yaratish talab etiladi. Ushbu videolar quyidagi mezonlarga javob berishi lozim:
- Videodagi barcha matn va audio kontent ingliz tilida boʻlishi shart;
- Video uzunligi 180 soniyadan (3 daqiqadan) oshmasligi kerak;
- Video TikTok, Instagram Reels, YouTube Shorts kabi qisqa vertikal formatlar uchun moslashtirilgan boʻlishi kerak;
- Telegram tomonidan taqdim etilgan rasmiy materiallardan ilhom olish mumkin;
- Sunʼiy intellekt vositalaridan yordamchi vosita sifatida foydalanishga ruxsat beriladi.

Baholash mezonlari sifatida quyidagilar belgilangan: mazmuniy aniqlik, vizual taʼsirchanlik, memga aylanish salohiyati va viruslilik (yaʼni tez ommalashish qobiliyati).
Tanlov ishtirokchilari oʻz ishlarini 2025 yil 27 may kuni soat 00:59 (Toshkent vaqti)gacha topshirishlari lozim. Gʻoliblar iyun oyida eʼlon qilinadi.