11 820.400 so‘m

decrease

-36.950

13 684.480 so‘m

decrease

-61.750

139.050 so‘m

decrease

-0.270

11 820.400 so‘m

decrease

-36.950

Yaqin 1 soat ichida
Texnologiya
42

Telegram .gram domen zonasini olish uchun ariza yubordi

Telegram yangi .gram yuqori darajali domen zonasini boshqarish uchun ICANN’ga ariza topshirdi. Ariza maʼqullansa, messenjer foydalanuvchilari username.gram koʻrinishidagi shaxsiy internet manzillariga ega boʻlishi va ular orqali Telegram infratuzilmasida sayt yaratishi mumkin.

Telegram .gram domen zonasini olish uchun ariza yubordi

Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov maʼlum qildi. Uning aytishicha, kompaniyaning arizasi Internet Corporation for Assigned Names and Numbers — ICANN tomonidan tasdiqlansa, Telegram’ning bir milliardga yaqin foydalanuvchisi ikkinchi darajali domenlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin. 

Masalan, Telegram’dagi @durov foydalanuvchi nomiga durov.gram, @monk nomiga esa monk.gram manzili mos kelishi mumkin. 

Durovga koʻra, bunday manzillar faqat profilga olib boruvchi havola vazifasini bajarmaydi. Foydalanuvchilar birgina matnli soʻrov — prompt orqali Telegram serverlarida joylashtiriladigan interaktiv veb-saytlarni yaratishi rejalashtirilmoqda. 

.gram hozircha Telegram’niki emas

Ariza topshirilgani domen zonasi Telegram’ga berilganini anglatmaydi. ICANN yangi umumiy yuqori darajali domenlar — gTLD’lar uchun 2026 yilgi arizalarni 12 avgust kuni qabul qilishni yakunladi. Tashkilotga ushbu raundda 1 600 dan ortiq asosiy ariza kelib tushgan. 

Har bir yangi gTLD uchun standart baholash toʻlovi 227 ming dollarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, ayrim holatlarda qoʻshimcha baholash xarajatlari ham yuzaga kelishi mumkin. 

ICANN hozir arizalarni maʼmuriy tekshiruvdan oʻtkazmoqda. Tekshiruvdan oʻtgan domen nomlari va ularga daʼvogarlar “Reveal Day”da oshkor qilinadi. ICANN bu roʻyxat arizalar qabuli yopilganidan keyin toʻqqiz haftadan kechiktirmay eʼlon qilinishini bildirgan — bu taxminan 2026 yil oktabriga toʻgʻri keladi. 

Shu sababli Telegram’ning “.gram” uchun arizasi hozircha ICANN’ning ochiq roʻyxati orqali mustaqil tasdiqlanmagan, biroq uni Durovning oʻzi rasman eʼlon qilgan. 

.gram uchun raqobatchi ham boʻlishi mumkin

Domain Name Wire maʼlumotiga koʻra, internet infratuzilmasi kompaniyasi Link Freedom Group ham .gram domeni uchun ariza bergan. Kompaniya ICANN’ning yangi raundida jami 300 dan ortiq domen nomlari boʻyicha arizalar topshirgan. 

Agar ikkala ariza ham ICANN tekshiruvidan oʻtsa, .gram bir nechta daʼvogar qatnashadigan contention set’ga tushishi mumkin. Bunday holatda domen kimga berilishi alohida tartibda hal qilinadi. Shu bois Telegram’ning .gram’ni olishi hozircha kafolatlanmagan.

Agar Telegram yakunda domen zonasini qoʻlga kiritsa, kompaniya t.me/username formatidagi ichki havolalardan tashqari, foydalanuvchilarga bevosita internet domeni sifatida ishlaydigan username.gram manzillarini taklif qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu Telegram ekotizimini messenjer va mini-ilovalardan tashqariga, veb-sayt yaratish va raqamli identifikatsiya yoʻnalishiga ham kengaytirishi mumkin. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+