Telefon sizniki, qachon olishingizni bojxona hal qiladi: Oʻzbekistonga iPhone olib kirish bir oylik kutishga aylanmoqda
Oʻzbekistonda chetdan olib kirilgan ayrim smartfonlar qoʻshimcha ekspertiza uchun 30 kungacha ushlab turilayotgani aytilmoqda.
Foydalanuvchilarning soʻzlariga koʻra, telefonini bir kunda rasmiylashtirishni istaganlardan modeliga qarab 400 dollardan 1 100 dollargacha mablagʻ soʻralmoqda.
Ayni paytda bozordagi taqchillik tufayli mahalliy doʻkonlarda iPhone narxlari sezilarli darajada oshgan.

Oʻzbekistonda 6 noyabrdan mobil qurilmalarni olib kirish va IMEI kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish ustidan nazorat kuchaytirilgan. Bu haqda “Oblako” nashri Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Qoʻmitaning tushuntirishicha, bunga IMEI kodlarini qalbakilashtirish va klonlash, boshqa qurilmalarning identifikatorlaridan foydalanish hamda telefonlarni noqonuniy olib kirish holatlari sabab boʻlgan. Ayrim smartfonlar qoʻshimcha ekspertizaga yuborilmoqda. Tekshiruv 30 kungacha davom etishi mumkin.
Foydalanuvchilar telefonlarini rasmiylashtirishda kutish muddati va xarajatlar oshganidan shikoyat qilmoqda. “Oblako”ga murojaat qilganlarning aytishicha, tekshiruv vaqtida qurilma aeroportda olib qolinishi mumkin.

Xususan, iPhone 18 Pro Max uchun qariyb 150 dollar toʻlab, 30 kungacha kutish yoki taxminan 450 dollar evaziga bir kunda rasmiylashtirish taklif etilayotgani aytilgan. Boshqa murojaatlarda tezkor rasmiylashtirish uchun modeliga qarab 400 dollardan 1 100 dollargacha mablagʻ soʻralayotgani qayd etilgan.
Ayni paytda savdo nuqtalarining ochiq eʼlonlarida ham narxlar oshgani koʻrinmoqda. Pinkod noyabr boshida eʼlon qilingan narxlar bilan 10 noyabrdagi takliflarni solishtirdi.
Masalan, ikkita eSIM bilan ishlaydigan iPhone 18 Pro 256 GB noyabr boshida rangiga qarab 1 499–1 529 dollarga taklif etilgan. Hozir shu konfiguratsiya uchun ayrim doʻkonlarda 1 649–1 690 dollar soʻralmoqda.
512 GB xotirali versiya boʻyicha farq yanada kattaroq. Avvalgi eʼlonlarda uning narxi 1 749–1 799 dollar boʻlgan boʻlsa, yangi roʻyxatlarda qariyb 2 ming dollarga yetgan.
| Model | 4–8 noyabrdagi takliflar | 10 noyabrdagi takliflar |
|---|---|---|
| iPhone 18 Pro 256 GB, eSIM + eSIM | 1 499–1 529 dollar | 1 649–1 690 dollar |
| iPhone 18 Pro 512 GB, eSIM + eSIM | 1 749–1 799 dollar | 1 999–2 000 dollar |
| iPhone 18 Pro Max 256 GB, SIM + eSIM | 1 709–1 819 dollar | 1 849–1 950 dollar |
| iPhone 18 Pro Max 512 GB, SIM + eSIM | 1 999–2 149 dollar | 2 149–2 250 dollar |
Taqqoslash turli savdo nuqtalarining ochiq takliflariga asoslangan. Agar bojxonadagi tekshiruvlar mahsulot yetkazib berishni sekinlashtirsa, omborlardagi zaxiralar kamayib, bozorda taqchillik yuzaga kelishi mumkin. Bu esa narxlarning yanada oshishiga olib kelishi ehtimoli bor.
“Malika”dagi sotuvchilardan biri ham oʻz kanalida bozorda iPhone narxlari taxminan 150–200 dollarga koʻtarilganini bildirgan. U qimmatlashishni telefon olib kirish va IMEI rasmiylashtiruvidagi nazorat kuchayishi bilan bogʻlagan.









