12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

14 107.450 so‘m

increase

51.900

150.180 so‘m

increase

4.560

12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

24-fevral, 19:11
Bozor

Tarixdagi eng katta oʻgʻirlik: xakerlar Bybit birjasidan $1,5 mlrdlik kripto-aktivlarni oʻgʻirlashdi

Kiberhujum natijasida 400 000 ta Ethereum tokenlari oʻgʻirlangan boʻlib, unda Shimoliy Koreya xakerlarining ehtimoliy ishtiroki mavjudligi tahmin qilinmoqda.

Tarixdagi eng katta oʻgʻirlik: xakerlar Bybit birjasidan $1,5 mlrdlik kripto-aktivlarni oʻgʻirlashdi
Foto: AI / Pinkod.uz

Kriptovalyuta birjasi Bybit xakerlar hujumiga uchraganligini maʼlum qildi. Bu haqida Bloomberg xabar berdi.

Tahlilchilarning hisob-kitobiga koʻra, bu hodisa soha tarixidagi eng katta oʻgʻirlik boʻlib, deyarli 1,5 milliard dollarga teng tokenlar yoʻqolgan. Tadqiqotchilar bu hujumda Shimoliy Koreya xakerlarining ehtimoliy ishtirok etganligini taxmin qilishmoqda.

Bosh direktor X ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilgan postida xakerlar birjaning oflayn Ethereum hamyonlaridan birini nazoratga olgani aytiladi.

On-chain tahlilchi ZachXBT Telegram kanalida bergan maʼlumotlarga koʻra, hamyondan taxminan 1,46 milliard dollarlik aktivlar shubhali tranzaksiyalar orqali oqib chiqqan.

Shuningdek, tadqiqot firmasi Arkham Intelligence maʼlumotiga koʻra, ushbu xakerlik hujumi Shimoliy Koreyaning Lazarus guruhi tomonidan amalga oshirilgani aniqlangan. Kompaniya vakillari ZachXBT guruhning aybdorligini tasdiqlovchi ishonchli dalillarni taqdim etganini bildirgan.

X tarmogʻidagi postida Arkham Intelligence birjadan taxminan 1,4 milliard dollar mablagʻ chiqib ketgani va ularning yangi manzillarga koʻchirilib, sotuvga chiqarilayotganini maʼlum qilgan.

Elliptic blokcheyn tahlil firmasining maʼlumotlariga koʻra, bu xakerlik hodisasi 2021 yilda Poly Network’dan oʻgʻirlangan 611 million dollardan ham koʻproq boʻlib, kripto sohasidagi eng katta oʻgʻirlikka aylandi. Halborn blokcheyn xavfsizlik firmasi esa bu hodisani nafaqat kripto, balki barcha sohalardagi eng katta jinoyat ekanligini taʼkidladi.

Bybit rahbari keyinchalik ijtimoiy tarmoqda chiqish qilib, kompaniya mablagʻlarni qaytarish boʻyicha barcha ishlarni qilayotgani va agar xakerlar topilmasa, pullar egalariga toʻliq qaytarilishini aytib oʻtdi.

2018 yilda asos solingan Bybit dunyodagi eng yirik kripto-birjalaridan biri hisoblanadi va kunlik oʻrtacha savdo hajmi 36 milliard dollardan oshadi. CoinMarketCap zaxira maʼlumotlariga koʻra, xakerlik hujumiga uchrashdan oldin birjadagi aktivlari taxminan 16,2 milliard dollarni tashkil etgan. Oʻgʻirlangan Ethereum miqdori esa platforma jami aktivlarining taxminan 9 foiziga teng boʻlgan.

Maʼlumotlarga koʻra, hujumdan soʻng foydalanuvchilar $2 mlrdlik aktivlarini birjadan chiqarib olgan. Shuningdek, oʻgʻirlangan Ethereum’ning jami miqdori taxminan 400 000 tani tashkil qiladi.

Avvalroq, Shimoliy Koreya xakerlari 2024 yilda jami $1,3 mlrdlik kripto-aktivlarni oʻgʻirlagani haqida xabar berilgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+