12 099.180 so‘m

decrease

-32.370

14 134.260 so‘m

increase

9.500

153.820 so‘m

increase

0.280

12 099.180 so‘m

decrease

-32.370

4 soat avval
Work&life
28

Sunʼiy intellekt rivojlanishida yuqori chegara yoʻq va u xavfli maqsadlarda ishlatilishi mumkin — Bill Geyts

Bill Geyts sunʼiy intellekt inson imkoniyatlaridan oshib ketishini aytmoqda. 

Uningcha, AI yaqin yillarda ish bozori, sogʻliqni saqlash va taʼlimni tubdan oʻzgartiradi, biroq bu jarayon qatʼiy boshqaruvsiz jiddiy xavflarni ham keltirib chiqaradi.

Shuningdek, u sunʼiy intellekt terrorizm, xususan biologik hujumlar uchun ishlatilishi mumkinligini taʼkidladi.

Sunʼiy intellekt rivojlanishida yuqori chegara yoʻq va u xavfli maqsadlarda ishlatilishi mumkin — Bill Geyts
Foto: AI/Pinkod.uz

Microsoft asoschisi Bill Geyts sunʼiy intellekt boʻyicha navbatdagi yillik maktubini eʼlon qildi. Undagi asosiy fikrlarni Geekwire nashri keltirib oʻtdi.

Unda u AI’ning rivojlanish tezligi haqida keskin va ochiq ogohlantirishlar berdi. Geytsning fikricha, sunʼiy intellekt va robotlar imkoniyatining “yuqori chegarasi yoʻq” va bu texnologiyalar vaqt oʻtib inson darajasidan ham ustun boʻladi.

U bu vaziyatni COVID-19 pandemiyasidan oldingi davr bilan qiyoslaydi. Oʻshanda ham xavf oldindan maʼlum boʻlgan, ammo dunyo yetarlicha tayyorlanmagan edi. Endi esa shunga oʻxshash holat AI bilan yuz berishi mumkin. Agar hozirdan choralar koʻrilmasa, sunʼiy intellekt keltirib chiqaradigan oʻzgarishlar boshqarib boʻlmaydigan darajaga yetishi mumkin.

Shu bilan birga, Geyts optimizmni ham yoʻqotmagan. U yaqin 10 yil ichida insoniyat yangi, misli koʻrilmagan taraqqiyot bosqichiga chiqishiga ishonadi. Sunʼiy intellekt sogʻliqni saqlashni arzon va sifatli qiladi, taʼlimni shaxsiylashtiradi, iqlim oʻzgarishiga moslashishda muhim vositaga aylanadi.

Ammo bu faqat bitta shart bilan mumkin: AI qanday ishlab chiqilishi, kim tomonidan boshqarilishi va qayerda qoʻllanishi aniq qoidalarga asoslanishi kerak. Geytsning taʼkidlashicha, bu jarayonda faqat bozor emas, balki davlatlar ham yetakchi rol oʻynashi shart.

Geyts alohida toʻxtalgan masalalardan biri — ish oʻrinlari. Uning aytishicha, sunʼiy intellekt allaqachon dasturchilarni kamida ikki baravar samaraliroq qilgan. Keyingi bosqichda omborxona xodimlari va call-markazlar kabi sohalar jiddiy oʻzgarishga uchraydi. Shu sababli u 2026 yilni global tayyorgarlik davri sifatida koʻrishni taklif qiladi. Jumladan, qisqaroq ish haftasi kabi gʻoyalar muhokamaga chiqishi mumkin.

Eng katta xavf sifatida esa Geyts bioterrorizmni tilga oldi. Uning fikricha, ochiq manbali AI vositalari yordamida nodavlat guruhlar biologik qurol yaratishi tabiiy pandemiyadan ham xavfliroq boʻlishi mumkin.

Iqlim masalasida ham ogohlantirishlar jiddiy. Agar global isish cheklanmasa, eng katta zarbani kambagʻal davlatlar oladi. Qashshoqlik va yuqumli kasalliklar qatoriga iqlim inqirozi ham qoʻshiladi. Hatto eng yaxshi ssenariyda ham harorat oshishda davom etadi.

Geytsni eng koʻp tashvishga solgan faktlardan biri — 2025 yilda bolalar oʻlimining oshgani. 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi bir yil ichida 4,6 mlndan 4,8 mlnga yetgan. Bu holat u boy davlatlar tomonidan xalqaro yordam qisqartirilgani bilan bogʻliq ekanini aytadi.

Shu bilan birga, sunʼiy intellekt qishloq xoʻjaligida yangi imkoniyatlar ochmoqda. Geytsning aytishicha, AI kambagʻal fermerlarga ob-havo, narxlar va ekin kasalliklari boʻyicha eng boy fermerlardan ham yaxshiroq maslahat bera oladi. Gates Foundation bu yoʻnalishga 1,4 mlrd dollar ajratgan.

Geyts sunʼiy intellektdan shaxsiy hayotida ham foydalanayotganini yashirmaydi. U AI yordamida oʻz sogʻligʻini yaxshiroq tushunayotganini va kelajakda har bir inson kecha-kunduz sifatli tibbiy maslahat olishi mumkin boʻlishiga ishonadi.

Taʼlim sohasida esa AI hozirda Gates Foundation’ning eng yirik ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Shaxsiylashtirilgan taʼlim tizimlari allaqachon amalda sinovdan oʻtmoqda va Geyts ularni keng miqyosda joriy etish “oʻyin qoidalarini oʻzgartiradi”, deb hisoblaydi.

Bill Geyts sunʼiy intellektni nafaqat imkoniyat, balki jiddiy sinov deb biladi. Unga koʻra, yangi texnologiya yangi mehnat bozorlarini ochadi, lekin faqat ongli va masʼuliyatli yondashuv bilangina.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+