11 989.460 so‘m

increase

29.280

13 815.450 so‘m

increase

54.070

149.480 so‘m

decrease

-0.940

11 989.460 so‘m

increase

29.280

12 soat avval
Bank
113

SQBni xususiylashtirish yana bir necha yil davom etishi mumkin — S&P

Hukumat dastlab SQBdagi minoritar ulushni xalqaro investorlarga sotishni rejalashtirmoqda. 

Bank soʻnggi besh yilda investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida boshqaruv, raqamlashtirish va korporativ tizimini yangiladi. 

Shunga qaramay, S&P yaqin ikki yilda SQBning davlat bilan mustahkam aloqalari saqlanib qolishini kutmoqda.

SQBni xususiylashtirish yana bir necha yil davom etishi mumkin — S&P

S&P Global Ratings “Oʻzsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish murakkab jarayon boʻlib, u bir necha yil davom etishi mumkinligini maʼlum qildi

Agentlik maʼlumotiga koʻra, hukumat dastlab bankdagi minoritar ulushni xalqaro investorlarga sotishni rejalashtirmoqda. Xususiylashtirishga qaramay, SQB yaqin ikki yil davomida davlat bilan mustahkam aloqalarini saqlab qolishi kutilmoqda.

S&P qayd etishicha, SQB soʻnggi besh yil davomida investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida transformatsiya dasturini amalga oshirdi. Bankda boshqaruv jarayonlarini markazlashtirish, optimallashtirish, avtomatlashtirish va raqamlashtirish boʻyicha qator loyihalar yakunlangan.

Bundan tashqari, korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilib, bank samaradorligi va rentabelligini oshirish choralari koʻrilgan. Hozirda SQBning kelajakdagi rivojlanish tashabbuslari va strategiyasi boʻyicha toʻliq diagnostika oʻtkazilmoqda.

Shunga qaramay, bank hamon asosan davlatga tegishli. 2025–2026 yillarda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi SQBdagi 40 foizlik ulushni Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi, UzNIF’ga oʻtkazdi.

UzNIF 2026 yil may oyida IPO oʻtkazgan. Jamgʻarma Oʻzbekistondagi 13 ta yirik davlat korxonasining 25 foizdan 40 foizgacha boʻlgan strategik minoritar ulushlariga egalik qiladi. Ushbu kompaniyalar orasida SQB yagona bank hisoblanadi.

S&P bahosiga koʻra, xususiylashtirish rejasiga qaramay, SQB yaqin ikki yil ichida davlat bilan mustahkam aloqalari hisobiga bozordagi barqaror mavqeini saqlab qoladi. 2025 yil yakunida bank kredit portfelining qariyb 19 foizi davlat va munitsipal tashkilotlarga toʻgʻri kelgan, ushbu kreditlarning 45 foizi hukumat kafolatlari bilan taʼminlangan.

Agentlik bank kelgusi bir necha yil davomida yirik davlat korxonalari, strategik tarmoqlar va muhim loyihalarga kredit hamda hisob-kitob xizmatlarini koʻrsatishda davom etishini kutmoqda. Bank xususiylashtirilgan taqdirda ham davlatga aloqador kreditlar va moliyalashtirish manbalarining ulushi birdaniga emas, bosqichma-bosqich qisqarishi prognoz qilinmoqda.

Ayni paytda SQB moliyalashtirishda davlat va xalqaro moliya institutlariga yuqori darajada bogʻliq. 

2025 yil oxirida ushbu manbalar bank jami moliyalashtirishining qariyb 59 foizini tashkil etgan. Mijozlar, xususiy kompaniyalar hamda davlat tashkilotlarining depozitlari ulushi esa 39 foiz boʻlgan.

S&P bank xususiylashtirishga tayyorgarlik jarayonida muammoli kreditlarni avvalgidan ehtiyotkorroq tan olayotganini ham qayd etdi. Natijada SQBning uchinchi bosqich kreditlari va balansiga oʻtgan koʻchmas mulklar ulushi 2023 yildagi 5,1 foizdan 2025 yilda 9,1 foizga yetgan.

Agentlik ushbu koʻrsatkich kelgusi 12–24 oyda 12 foizgacha oshishi mumkinligini kutmoqda. Shu sabab S&P SQBning “BB-/B” kredit reytinglarini oʻzgarishsiz qoldirgan boʻlsa-da, reyting boʻyicha prognozni “barqaror”dan “salbiy”ga tushirdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+