S&P Davr Bank reytingini “B+”gacha oshirdi — ABB bitimi bankka bir pogʻona qoʻshdi
S&P Global Ratings Davr Bankning uzoq muddatli kredit reytingini “B”dan “B+”gacha oshirdi. Agentlik reytingga bir pogʻona qoʻshilishini ABB tomonidan bankning 51% aksiyasi sotib olinishi va yangi aksiyador tomonidan yordam koʻrsatilishi ehtimoli bilan bogʻladi.

S&P Global Ratings Davr Bankning uzoq muddatli kredit reytingini “B”dan “B+”gacha oshirdi, qisqa muddatli reytingini esa “B” darajasida tasdiqladi. Reyting boʻyicha prognoz “Barqaror” etib belgilandi.
Shuningdek, bank “CreditWatch Positive” roʻyxatidan chiqarildi. S&P Davr Bankni ushbu roʻyxatga joriy yilning 15 mayida, ABB tomonidan nazorat paketi sotib olinishi kutilayotgan bir paytda kiritgandi.
10 sentabr kuni Ozarbayjonning ABB banki Davr Bankning 51% aksiyasini sotib olish boʻyicha bitimni yakunladi. Nazorat paketi 1,646 trln soʻmga — qariyb 140 mln dollarga baholangan.
S&P Davr Bankni ABB guruhi uchun “oʻrtacha strategik ahamiyatga ega” shoʻʼba sifatida baholamoqda. Oʻzbekiston banki ABB guruhi jami aktivlarining taxminan 10–12%ini tashkil etadi.
Agentlikka koʻra, ABB guruhining kreditga layoqatliligi Davr Bankning mustaqil kredit profilidan yuqori. Zarurat tugʻilganda bosh kompaniya bankka favqulodda yordam koʻrsatishi mumkinligi hisobga olinib, Davr Bank reytingiga bir pogʻona qoʻshimcha baho berilgan.
S&P hisob-kitoblariga koʻra, Davr Bankning kredit portfeli 2026 yilda 20–25%ga, 2027–2028 yillarda esa yiliga 30–35%ga oʻsishi mumkin. Bankning asosiy yoʻnalishlari chakana kreditlash hamda kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish boʻlib qolishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, agentlik bankning sof foiz marjasi 2026–2028 yillarda 10–10,3% atrofida saqlanishini prognoz qilmoqda. Bazaviy ssenariyda ushbu davrda ABB tomonidan Davr Bank kapitaliga qoʻshimcha mablagʻ kiritilishi nazarda tutilmagan.
ABB guruhiga qoʻshilish Davr Bankka Oʻzbekistonda Ozarbayjon va Turkiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalarga xizmat koʻrsatish hamda ABBning xalqaro pul oʻtkazmalari xizmatlarini integratsiya qilish imkonini berishi kutilmoqda.
Ayni paytda S&P ikki bank oʻrtasidagi operatsion integratsiya darajasi hali toʻliq shakllanmaganini qayd etgan. Davr Bank kelgusida “ABB Davr-Bank” nomi ostida faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.
“Barqaror” prognoz Davr Bank yaqin 12 oyda yetarli kapital va aktivlar sifatini saqlab qolishi haqidagi S&P kutishlarini aks ettiradi. Agentlik yaqin 6–12 oy ichida reytingning yana oshirilishini hozircha kam ehtimolli deb baholamoqda.









