Soxta xodimlar va huquqiy tahdidlar — Markaziy bank raqamli firibgarlik sxemalaridan ogohlantirmoqda
Markaziy bank fuqarolarni oʻzini tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, huquqiy tahdidlar orqali shaxsiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritishga urinayotgan firibgarlar haqida ogohlantirmoqda. Yangi sxemalarda telefon va Telegram orqali chalgʻituvchi usullar qoʻllanilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raqamli firibgarlikning yangi turlari haqida fuqarolarni ogohlantirib, soʻnggi vaqtlarda firibgarlar tobora murakkab va chalgʻituvchi usullardan foydalanayotgani haqida xabar berdi.
Xususan, firibgarlar oʻzlarini uyali aloqa operatorining “xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolarga qoʻngʻiroq qiladi va telefon raqamidan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnomani “uzaytirish” bahonasida bir qancha savollar beradi. Bu orqali ular fuqaroning ishonchini qozonishga harakat qiladi.

Oradan biroz vaqt oʻtgach, Telegram messenjeri orqali Markaziy bankning ramziy belgilarini aks ettirgan soxta profil orqali yana murojaat qilishadi. Unda fuqaroning bank va toʻlov tizimlaridagi ilovalari orqali kimdir ruxsatsiz kirishga uringani, hattoki hali yakunlanmagan kredit amaliyoti borligi haqida xabar yuboriladi. Bu xabarlarda tahdid unsurlari ham mavjud — masalan, “agar koʻrsatmalar bajarilmasa, fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin”, degan iboralar keltiriladi.
Firibgarlar bu tahdidlarni yanada ishonchli qilish uchun ochiq manbalardan, masalan, www.lex.uz kabi saytlardan olingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining elektron faylini xabar bilan birga yuborishadi.
Markaziy bank qayd etishicha, agar fuqaro bunday yolgʻonlarga ishonib, firibgarlarga shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etsa yoki ularning koʻrsatmalariga amal qilsa, bank kartasidagi pullardan ayrilishi mumkin.
Shu munosabat bilan Markaziy bank fuqarolarga yana bir bor murojaat qilib, ehtiyot boʻlishga va shubhali xabarlar, qoʻngʻiroqlar yoki messenjerdagi murojaatlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Markaziy bank bu kabi harakatlarga hech qanday aloqasi yoʻqligini rasman bildirgan.