12 014.480 so‘m

decrease

-39.550

13 858.700 so‘m

decrease

-73.350

166.610 so‘m

decrease

-0.440

12 014.480 so‘m

decrease

-39.550

5 soat avval
Bank
62

Soʻmdagi omonatlar boʻyicha stavkalar soʻnggi yillardagi eng past darajaga tushdi

Aprelda soʻmdagi muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha stavka 17,4 foizga tushib, 2022-yil fevralidan beri eng past koʻrsatkichni qayt etdi. Aholi omonatlari boʻyicha stavka esa oxirgi 5 yillikdagi eng past darajaga tushgan. 

Soʻmdagi omonatlar boʻyicha stavkalar soʻnggi yillardagi eng past darajaga tushdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonda bank depozitlari boʻyicha foizlar pasayishda davom etmoqda. Aprel yakunlariga koʻra, milliy valyutadagi muddatli depozitlarning oʻrtacha stavkasi 17,4 foizni tashkil etdi. Bu 2022 yil fevralidan buyon kuzatilgan eng past darajadir.

Bir oy avval mazkur koʻrsatkich 18,1 foiz edi. Yillik taqqoslaganda esa depozitlar boʻyicha oʻrtacha daromadlilik 2,1 foiz bandga kamaygan.

Pasayish ayniqsa bir yilgacha boʻlgan depozitlarda kuchliroq koʻrindi. Ushbu segmentda stavka 15 foizgacha tushib, mart oyiga nisbatan 1,3 foiz bandga kamaydi. Bir yildan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha esa oʻrtacha foiz 18,1 foizni tashkil etdi.

Aholi omonatlari 5 yillik minimumga tushdi

Jismoniy shaxslarning soʻmdagi muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka aprelda 19,9 foizga tushdi. Bu 2021 yil sentabridan beri eng past koʻrsatkich boʻldi.

Shu tariqa aholi depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz qariyb besh yil ichida ilk bor 20 foizlik chegaradan pastga tushdi. Mart oyida ushbu koʻrsatkich 20,5 foizni tashkil etgan edi.

Qisqa muddatli aholi omonatlari boʻyicha stavka 18,5 foizgacha kamaydi. Bu bir oy ichida 2 foiz bandlik pasayish demakdir. Bir yildan ortiq muddatga joylashtirilgan mablagʻlar boʻyicha esa banklar oʻrtacha 20,1 foiz taklif qilmoqda.

Haqiqiy daromadlilik nega yuqori qolmoqda?

Nominal foizlar pasaygan boʻlsa-da, aholi omonatlarining real daromadliligi yuqori darajada saqlanmoqda.

Aprelda jismoniy shaxslarning soʻmdagi depozitlari boʻyicha real stavka 8,4 foizni tashkil etdi. Bu mart oyidagidan atigi 0,1 foiz bandga kam, biroq bir yil avvalgidan 1,9 foiz bandga yuqori.

Bunga inflyatsion kutilmalarning kamayishi taʼsir qilgan. Aholining inflyatsiya boʻyicha kutishlari 2025 yil aprelidagi 14,2 foizdan 10,6 foizgacha pasaygan.

Natijada omonatlar boʻyicha nominal foiz kamayganiga qaramay, kutilayotgan inflyatsiya chiqarib tashlangandan keyingi daromad oshgan.

Korporativ depozitlar arzonlashmoqda

Biznes mablagʻlari boʻyicha stavkalar aholi omonatlariga qaraganda ancha past shakllangan. Aprelda yuridik shaxslarning soʻmdagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz 15 foizni tashkil etdi.

Bir yilgacha boʻlgan korporativ depozitlar boʻyicha stavka 13,9 foizga tushdi. Bir yildan ortiq muddatli depozitlarda esa daromadlilik 15,6 foizni tashkil qildi.

Yillik hisobda biznes depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka 2,4 foiz bandga kamaygan. Eng katta pasayish qisqa muddatli segmentda kuzatilib, bu yerda foizlar bir yil ichida 3,7 foiz bandga tushgan.

Biznes depozitlari boʻyicha real stavka 4,3 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oylik hisobda biroz kamaygan, yillik hisobda esa deyarli oʻzgarmagan.

Chet el valyutasidagi depozitlar

Chet el valyutasidagi depozitlar boʻyicha umumiy stavka aprelda 4,1 foizga yetdi. Mart oyiga nisbatan bu 0,6 foiz bandlik oʻsishni anglatadi.

Biroq oʻsish barcha segmentlarda kuzatilmadi. Bir yilgacha boʻlgan valyuta depozitlari boʻyicha stavka 2,2 foizgacha pasaygan. Aksincha, bir yildan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha foiz 5,2 foizga koʻtarildi.

Aholining valyutadagi omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 4,9 foizni tashkil etdi. Biznes hisobvaraqlari boʻyicha esa ushbu koʻrsatkich 2,8 foizga teng boʻldi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+