Soliq qoʻmitasi tadbirkorlarning kartadan-kartaga tushumlarini tekshirishni boshladi
Soliq qoʻmitasi ayrim tadbirkorlar savdo tushumlarini kartadan-kartaga oʻtkazmalar orqali qabul qilib, ularni soliq hisobotlarida aks ettirmayotgan holatlarni oʻrganmoqda. Aniqlangan yashirin daromadlar boʻyicha soliq toʻlovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.

Soliq qoʻmitasi tadbirkorlarning P2P oʻtkazmalari orqali savdo tushumlarini qabul qilish holatlarini tahlil qilmoqda. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ayrim tadbirkorlar savdo amaliyotlarini P2P — kartadan-kartaga pul oʻtkazmalari orqali amalga oshirmoqda. Bunday operatsiyalar orqali tushgan daromadlarning bir qismi soliq hisobotlarida aks ettirilmagani sababli davlat byudjetiga tushishi lozim boʻlgan mablagʻlar toʻliq shakllanmay qolmoqda.
Shu munosabat bilan soliq organlari yuridik shaxslarda rahbarlik lavozimida ishlovchi xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablagʻlar boʻyicha tahliliy oʻrganishlar olib bormoqda.
Oʻrganishlar davomida soliq hisobotlarida koʻrsatilmagan daromadlar aniqlangan taqdirda, ular boʻyicha belgilangan tartibda choralar koʻriladi hamda soliq toʻlovchilarga xabarnomalar yuboriladi.
“Bu jarayon jazolash yoki bosim oʻtkazishga emas, balki iqtisodiy adolatni taʼminlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish hamda qonun doirasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan”, — deyiladi qoʻmita xabarida.
Soliq qoʻmitasi barcha tadbirkorlik subʼektlarini amaldagi qonunchilikka rioya qilishga, savdo tushumlarini toʻliq rasmiylashtirishga va ularni soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirdi.
Qoʻmita taʼkidicha, shaffof iqtisodiyot ishonchli davlat, kuchli jamiyat va barqaror kelajakning muhim poydevori hisoblanadi.









