Siyosiy xatarlar fonida oltin narxi 4 700 dollargacha oshishi mumkin — UBS
UBS banki 12 oy ichida oltinning asosiy narxini 4 200 dollar deb baholamoqda. Ammo siyosiy keskinlik va xatarlar kuchaysa, bu koʻrsatkich 4 700 dollargacha chiqishi mumkin.

UBS banki tahlilchilariga koʻra, siyosiy va moliyaviy xavflar ortib borayotgani sababli oltin narxi bir unsiya uchun 4 700 dollargacha koʻtarilishi mumkin. Hatto AQSh hukumati faoliyatining toʻxtashi yakunlansa ham, xavfsiz aktivlarga talab yuqori boʻlib qoladi.
Bank mutaxassislari oltin narxining soʻnggi pasayishini vaqtinchalik pauza deb atadi. Ularning fikricha, AQShdagi siyosiy noaniqliklar, byudjet boʻyicha kelishmovchiliklar va Oliy sud qarorlari atrofidagi muammolar oltin narxini qoʻllab-quvvatlaydi.
UBS shuningdek, dunyo boʻylab davlat qarzining ortishi, valyutalarning qadrsizlanish xavfi va markaziy banklarning oltin xaridlari oshgani ham talabni kuchaytirayotganini bildirdi. Jahon Oltin Kengashi maʼlumotiga koʻra, bu yil oltin bozori 2011 yildan beri eng yuqori talabni qayd etmoqda.
Bank Federal Rezerv 2026 yil boshigacha ikki marta foiz stavkasini tushiradi, deb kutmoqda. Bu esa dollarning qadrsizlanishiga va oltin narxining oʻsishiga olib keladi.
Umuman, UBS oltinni xavfsiz investitsiya vositasi deb biladi. Ular 12 oy ichida oltin narxi 4 200 dollarga yetishini, siyosiy va moliyaviy xavflar oshsa esa 4 700 dollargacha chiqishini taxmin qilmoqda.
Avvalroq Bank of America 2026 yilda oltin narxi bir unsiya uchun 5 000 dollarga, kumush esa 65 dollarga yetishini prognoz qilayotgani xabar qilingan yedi.









