Shuhratbek Kurbanov Markaziy bank tizimidagi fintex kompaniyasi rahbari etib tayinlandi
Simple Smart Systems kompaniyasiga Shuhratbek Kurbanov direktor etib tayinlandi. Kompaniya 2026 yil 22 aprelda Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi hamda Garov reyestri MChJ tomonidan tashkil etilgan. Kurbanov bunga qadar HUMO toʻlov tizimi operatoriga rahbarlik qilgan va TBC Bank Uzbekistan’da faoliyat yuritgan.

Shuhratbek Kurbanov Simple Smart Systems MChJ fintex kompaniyasining direktori etib tayinlandi.
Simple Smart Systems kompaniyasi 2026 yil 22 aprel kuni Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi hamda Garov reyestri davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan. Ustav kapitalida Axborotlashtirish bosh markazi 95 foiz, Garov reyestri esa 5 foiz ulushga ega.
Kurbanov bunga qadar moliyaviy texnologiyalar va toʻlov tizimlari sohasida ishlagan. U 2018 yil dekabridan boshlab HUMO toʻlov tizimi operatori — Milliy banklararo protsessing markaziga rahbarlik qilgan. U mazkur lavozimni 2025 yil martida tark etgan.
Shundan soʻng, 2025 yil may oyida Kurbanov TBC Bank Uzbekistan boshqaruvi raisining maslahatchisi etib tayinlangan. U yerda tadbirkorlar uchun toʻlov xizmatlarini rivojlantirish va ularga xizmat koʻrsatish yoʻnalishi bilan shugʻullangan.
2026 yil aprelida u TBC Uzbekistan’dagi faoliyatini yakunlaganini maʼlum qilgan.









