Shaxsiy byudjetni izdan chiqaruvchi 3 ta xato odat
Byudjetni samarali boshqarishda nafaqat daromadni oshirish, balki mavjud mablagʻni toʻgʻri taqsimlash ham muhim ahamiyatga ega.
Pinkod aynan shaxsiy va oilaviy byudjetni beixtiyor izdan chiqaradigan 3 ta odat va ulardan qanday qochish mumkinligi haqida soʻz yuritadi.

Moliyaviy barqarorlik faqat daromad miqdoriga emas, balki mablagʻni qanday boshqarishga ham bogʻliqdir. Koʻpchilik byudjetning izdan chiqishiga faqat narxlarning oshishi sabab deb hisoblaydi, lekin aslida baʼzi odatlar moliyaviy rejalarga bundanda jiddiy putur yetkazishi mumkin. Quyida aynan shaxsiy byudjetni bexosdan yemiruvchi 3 ta odat haqida soʻz yuritamiz:
1. Hissiy xarajatlar
Stress, zerikish yoki muvaffaqiyatni nishonlash kabi holatlarda oʻzini mukofotlash uchun xaridlar qilish koʻpchilikka tanish holat. Yomon kundan keyin nimadir sotib olish yoki shundoq ham mavjud boʻlgan narsaning yangisi bilan oʻzingizni siylash aynan shular jumlasidandir. Kichik impulsiv xaridlar dastlab zararsizdek tuyulsa-da, his-tuygʻular taʼsirida doimiy ravishda pul sarflash byudjetga sezilarli zarar yetkazadi.
Bunday xarajatlarni qanday oldini olish mumkin?
- Xarid qilishga undovchi holatlarni aniqlang.Oʻzingizni qachon va qanday vaziyatlarda impulsiv xarid qilishga moil ekanligingizni kuzating. Buni anglash xarajatlarni nazorat qilishga yordam beradi.
- 24 soat qoidasi. Rejalashtirilmagan xarid qilishdan oldin bir kun kuting. Masalan, yangi telefon koʻrib qolsangiz, darhol sotib olmasdan, ertasi kuni bu narsaga hali ham ehtiyojingiz bor-yoʻqligini oʻylab koʻring.
- Muqobil yoʻllarni qidiring. Pul sarflash oʻrniga bepul yoki arzon yoʻllar bilan oʻzingizni xursand qiling. Doʻstlar bilan suhbatlashish, sevimli filmingizni koʻrish, tabiatda sayr qilish yoki sport bilan shugʻullanish – bularning barchasi his-tuygʻularni boshqarishga yordam beradi.
2. Xarajatlarni kuzatib bormaslik
Moliyaviy intizomning yoʻqligi byudjetning izdan chiqishiga olib keladi. Kichik xarajatlar dastlab sezilmasada, vaqt oʻtishi bilan katta summaga aylanib boradi. Masalan, har kuni avtobus oʻrniga taksidan foydalanish (25 ming soʻm) bir oyda 750 ming soʻmlik qoʻshimcha xarajatga sabab boʻladi. Shunga oʻxshash boshqa kichik xarajatlar jamlanib byudjetingizga katta zarar yetkazishi mumkin.
Xarajatlaringizni kuzatishni qanday boshlash mumkin?
- Kartadagi tranzaksiyalarni tekshiring. Haftalik yoki oylik bank kartasi hisobotlarini koʻzdan kechirish orqali pul aslida qayerga ketayotganini aniqlash mumkin.
- Byudjet ilovalaridan foydalaning. Monefy, Money Manager va Home Budget kabi ilovalar orqali xarajatlarni tartibga solish mumkin. Agar mobil ilovalardan foydalanish noqulay boʻlsa, oddiy daftar yoki Excel jadvalidan foydalanish imkoniyati ham mavjud.
- Muntazam tekshiruv odatini shakllantiring. Agar maoshingizni oyiga ikki marta olsangiz, har ikki haftada xarajatlaringizni tahlil qiling. Bu sizga rejadan chetga chiqayotganingizni tezda aniqlashga yordam beradi.
Mavzuga doir: Pullarni toʻgʻri boshqarishga yordam beruvchi TOP 5 ilova
3. Muntazam boʻlmagan xarajatlarni eʼtiborsiz qoldirish
Oylik moliyaviy rejalashtirishda koʻpchilik faqat asosiy xarajatlarni (ijara, kommunal toʻlovlar, oziq-ovqat) hisobga oladi. Biroq, avtomobil taʼmiri, bayram sovgʻalari, yillik obunalar yoki uy hayvonlari parvarishi kabi noodatiy, ammo oldindan taxmin qilinishi mumkin boʻlgan xarajatlarni eʼtiborsiz qoldiriladi
Bu xarajatlar muntazam ravishda roʻy bermasligi mumkin, lekin ular kutilmaganda paydo boʻlib, byudjetni butunlay chalkashtirib yuborishi va moliyaviy favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli mumkin. Aslida, agar bir oz eʼtiborli boʻlinsa, bu xarajatlarning koʻpini oldindan sezish va ularga tayyorgarlik koʻrish mumkin.
Bunday xarajatlarga qanday tayyorlanish kerak?
- Rezerv jamgʻarma yaratish. Muntazam boʻlmagan, ammo muqarrar xarajatlar uchun har oyda oz miqdorda mablagʻ ajrating.
- Oʻtmishdagi xarajatlarni tahlil qilish. Sovgʻalar, sayohat yoki tibbiy xarajatlar kabi narsalarga qancha mablagʻ kerak boʻlishini taxmin qilish uchun oʻtgan yilgi xarajatlaringizni koʻrib chiqing.
- Xarajatlar uchun chegara qoʻyish. Har bir xarajat turi uchun eng past chegarani aniqlang va shu miqdordan oshmaslikka harakat qiling. Agar kerak boʻlsa, arzon alternativlarni qidiring.
Ushbu tavsiyalar Business Insider nashridan olingan boʻlib, muallif tomonidan Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirildi.