12 195.500 so‘m

increase

15.630

14 049.220 so‘m

decrease

-30.710

149.710 so‘m

increase

1.190

12 195.500 so‘m

increase

15.630

6 daqiqa avval
Soliq
29

Sanʼatkorlar soliq toʻlashga qarshi: aslida ular ham boshqalar kabi soliq toʻlashi kerak emasmi?

Oddiy oʻqituvchi har oy maoshidan 12 foiz soliq toʻlaydi. Bitta toʻyda uning yillik daromadini topadigan sanʼatkorning soliqdan qochishi adolatlimi?

Oʻzbekistonda 2026 yil 1 sentabrdan boshlab barcha sanʼatkorlar har bir toʻy va xizmati uchun soliq toʻlashi mumkin.

Pinkod sanʼatkorlarning bu borada yengillik talab qilishi qanchalik toʻgʻri ekanligi va dunyodagi qatʼiy xalqaro tajribani batafsil tahlil qildi.

Sanʼatkorlar soliq toʻlashga qarshi: aslida ular ham boshqalar kabi soliq toʻlashi kerak emasmi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Soʻnggi kunlarda sanʼatkorlar oʻzlarini soliqqa tortishlariga nisbatan ochiqdan-ochiq qarshilik va eʼtirozlar bildirmoqda. Lekin masalaning mohiyatiga chuqurroq qaralsa, hamma fuqaro uchun majburiy boʻlgan qonun-qoidalar ijodkorlar uchun ham birdek ishlashi kerakligi oydinlashadi. Xoʻsh, oʻzi nima boʻlyapti va nega bu masala bunchalik shov-shuvga sabab boʻlmoqda?

Oʻzi nima boʻlyapti?

Oʻzbekistonda 2026 yil 1 sentabrdan boshlab sanʼatkorlardan har bir toʻy yoki konsert uchun alohida soliq undirish tizimi joriy etilishi mumkin. Unga koʻra, ijrochilar va ijodiy jamoalar koʻrsatadigan barcha xizmatlar maxsus “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatga olinishi shart boʻladi. Ijrochilar 2028 yil oxirigacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini “bir xizmat — bir toʻlov” tamoyili asosida toʻlab boradi.

Nima deb eʼtirozlar bildirilmoqda?

Mazkur yangilik eʼlon qilingandan keyin bir necha sanʼatkorlar ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrlarini bildirib chiqdi. Baʼzilar mazkur tartibga mutlaq qarshi boʻlsa, ayrimlari “sanʼatkorlarga yengillik beringlar, bizning ahvolimiz ogʻir” degan vajlar bilan chiqishmoqda.

Xususan, xonanda Samandar Hamroqulov artistlarning qarzi, krediti koʻp ekani, shu sababli soliqni adolatli qilib solish kerak ekanligini aytgan:

“Soliq departamenti chiqarayotgan qonun yoki chiqarmoqchi boʻlgan hujjat yuzasidan juda koʻp sanʼatkorlar oʻz mulohazalarini bildirmoqda. Biz soliq toʻlashdan hech qachon qochmaymiz, lekin sanʼatkorlarning asosiy daromadi faqat toʻylardan keladi. Ular kliplar chiqaradi, xarajat qiladi, va qaysi holatda boʻlmasin, bu pulni faqat toʻy orqali qoplay oladi yoki qoplamaydi, baʼzi hollarda qarzga kiradi”, — deydi u.

Unga koʻra, ikki-uch yildan beri qarzini toʻlayotgan sanʼatkorlar bor, hozirgacha foydaga chiqmagan emish. Chunki ularning boshqa daromad manbai yoʻq ekan.

Yana bir boshlovchi Abduvosit Sarimsoqov esa Hamroqulovning fikrlari “ming foiz” toʻgʻri ekanini iddao qilib chiqmoqda.

Unga koʻra, sanʼatkorlarning katta qismi ayni paytda odamlar oʻylagandan ham ogʻirroq holatda, hatto yil boshlanganidan beri birorta xizmatga chiqmagan qoʻshiqchilar bor. Sarimsoqov yangi tartib 2026 yil 1 sentabrdan kuchga kirishini aytib, artistlar aynan shu vaqtga shartnoma va kreditlar olib qoʻyganini taʼkidlab, “ozgina mana shu jihatlarni oʻylash kerak” deya mutasaddilarni ayblagan.

Biroq uning soʻzlariga qaralsa, u loyiha matni bilan toʻliq tanishib chiqmaganini sezish qiyin emas.

Sanʼatkorlarga oʻqituvchidek soliq birdaniga solinmaydi —yengilliklar yetarli

Sarimsoqov Soliq qoʻmitasi sanʼatkorlarni “ozgina oʻylamasdan” mazkur tartibni joriy qilganini taʼkidlagan boʻlsa-da, hujjat loyihasida aksincha, sanʼatkorlarning holati obdan oʻylangan. Dastlabki yillarda ularga tushumning foizidan emas, balki faqat qatʼiy belgilangan summada (reytinglar ajratib) soliq toʻlash taklif qilinyapti.

“Bir xizmat – bir toʻlov” tamoyili doirasidagi soliq miqdori sanʼatkorning reytingi va xizmat koʻrsatilgan joyga bogʻliq boʻlib, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) bilan oʻlchanadi:

  • 1-reyting guruhi ijrochilari: Toshkent shahrida – 3 BHM (hozirda 1 mln 236 ming soʻm); Nukus shahrida va viloyat markazlarida – 2 BHM (hozirda 824 ming soʻm); boshqa shaharlar va qishloq joylarda – 1 BHM (hozirda 412 ming soʻm).
  • 2-reyting guruhi ijrochilari: Toshkent shahrida – 2 BHM; Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida – 1 BHM; boshqa shaharlar va qishloq joylarda – 0,5 BHM.
  • 3-reyting guruhi ijrochilari: Toshkent shahrida – 1 BHM; Nukus shahrida va viloyat markazlarida – 0,5 BHM; boshqa shaharlar va qishloq joylarda – 0,25 BHM.

Bu yerda berilgan ulkan yengillikni qarangki, xizmat koʻrsatiluvchi joy qancha chekka hududda boʻlsa, soliq miqdori shuncha pasayadi. Aslida bu sanʼatkor uchun ikki hissa foyda. Chunki bizda masofa qancha uzoqlashsa, toʻyga borish uchun shuncha katta miqdorda gonorar soʻraladi. Natijada artistda koʻproq pul topib, davlatga sezilarli darajada kamroq soliq toʻlash imkoniyati paydo boʻladi.

Haqiqiy daromad soligʻi, yaʼni shartnoma qiymatidan kelib chiqib hisoblanadigan 12 foizlik soliq faqat 2029 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Sanʼatkor 1 000 dollarga toʻyga chiqsa, shuning 12 foizini soliq sifatida toʻlashi kerak boʻladi. Koʻrinib turganidek, ijrochilar birdaniga tom maʼnodagi soliq toʻlashga oʻtkazilmayapti. Tartib belgilangandan keyin qariyb 2,5 yil davomida ularga moslashtirish davri berilmoqda.

Shu oʻrinda adolat yuzasidan haqli savol tugʻiladi: Nega sanʼatkorlar soliq toʻlashdan qochishi kerak? 

Soliq toʻlash barcha fuqarolar uchun qonuniy majburiyatdir. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda nisbatan kam maosh oluvchi soha vakillari — tibbiyot xodimlari va maktab oʻqituvchilari oʻz oyliklaridan 12 foizlik daromad soligʻini peshona teri bilan ishlab topgan pullari plastik kartasiga tushishidan avvalroq toʻlab qoʻyishadi. 

Bu kasb egalarining oʻrtacha oylik maoshi mos ravishda 3,9 va 4,4 mln soʻmni tashkil etadi. Holbuki, bitta oʻrtamiyona artist bitta toʻy xizmatiga borishining oʻzidayoq bir nafar oʻqituvchining butun boshli oylik maoshidan ancha koʻproq mablagʻ topadi. Oddiy xalq soliq toʻlab, oʻz fuqarolik burchini bajarayotgan bir paytda, millionlab mablagʻ aylanadigan shou-biznes sohasining soliqdan chetda qolishi umuman mantiqqa ziddir.

Dunyo tajribasi nima deydi?

Artistlarni qatʼiy soliqqa tortish amaliyoti Oʻzbekiston hukumati osmondan olib oʻylab topgan ish emas. Butun dunyoda shou-biznes eng koʻp soliq tushumlarini taʼminlovchi sohalardan biri hisoblanadi va jazo choralari Oʻzbekistondagidan ancha qattiqroq.

AQShda: 

41 Great American Singers You Should Know - GigWise

Sanʼatkorlar odatda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida qaraladi va daromad hamda xarajatlarini koʻrsatish uchun deklaratsiya (Form 1040) topshiradi. Ular 15,3% miqdorida oʻz-bandlik soligʻini toʻlaydi. Topgan daromadi esa progressiv federal stavkalar boʻyicha 37% gacha soliqqa tortilishi mumkin. Agar xorijlik sanʼatkorlar AQShda chiqish qilsa, toʻlovlardan hech qanday gap-soʻzsiz roppa-rosa 30% soliq ushlab qolinadi.

Yevropa Ittifoqida: 

Avstriyada sanʼatkorlar tushumdan soddalashtirilgan xarajatlarni chegirgan holda, daromadi uchun progressiv stavkalar boʻyicha 55% gacha soliq toʻlaydi. 

The Arctic Monkeys' Matt Helders On Why We Won't Be Waiting Another Five  Years For A New Album - Music Feeds

Germaniyada esa sanʼatkor daromadiga 20% miqdorida yagona soliq qoʻllanadi va bunda hech qanday bahonalar, qarzlar yoki xarajat chegirmalariga ruxsat berilmaydi. Niderlandiya, Irlandiya, Daniya va Vengriyada esa daromad soligʻi ijodkorning rezident davlatida qatʼiy toʻlanadi. 

Xitoy tajribasi:

Xitoyda shou-biznes vakillari va sanʼatkorlar eng yuqori soliq toʻlovchilar toifasiga kiradi. Ularning daromadidan olinadigan soliq stavkasi 45 foizgacha yetishi mumkin. Soʻnggi yillarda Xitoy hukumati sanʼatkorlarning soliqdan qochish holatlariga qarshi ayovsiz kurashmoqda. 

Ayniqsa, daromadni yashirish uchun qoʻllanadigan “In-Yan” (biri rasmiy arzon, ikkinchisi norasmiy qimmat) shartnomalari tuzish ogʻir jinoyat hisoblanadi. Dunyoga mashhur aktrisa Fan Binbin soliq toʻlashdan boʻyin tovlagani uchun davlatga salkam 130 million dollar jarima toʻlagani va faoliyati vaqtincha taqiqlangani butun dunyoda shov-shuv boʻlgan edi.

Janubiy Koreya (Soliq toʻlamaslik — kareraning tugashi):

K-pop va dorama sanoati orqali milliardlab dollar aylanadigan Janubiy Koreyada sanʼatkorlarning soliq toʻlashi oʻta qatʼiy tizimlashtirilgan. Aksariyat xonandalar yirik prodyuserlik kompaniyalari (HYBE, SM, YG) orqali ishlaydi va soliqlar tushumdan darhol ushlab qolinadi. 

Everything about Blackpink - albums, achievements and more!

Mustaqil ishlaydigan yulduzlar va top-sanʼatkorlar daromadining hajmiga qarab 45 foizgacha (mahalliy soliqlar bilan qariyb 50 foiz) daromad soligʻi toʻlaydi. Eng qizigʻi, Koreyada Milliy soliq xizmati muntazam ravishda yulduzlarni kutilmagan taftishdan (audit) oʻtkazadi. Agar biror sanʼatkor soliqni kam toʻlagani fosh boʻlsa, u nafaqat katta jarimaga tortiladi, balki jamoatchilik tomonidan qattiq qoralanadi.


Muallif: Diyorbek Qambarov

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+