Samsung ultra ingichka Galaxy S25 Edge’ni rasman namoyish qildi
Mazkur model Samsung tarixidagi eng yupqa smartfon boʻlib, atigi 5,8 mm qalinlik va bor-yoʻgʻi 163 gramm ogʻirlikka ega.
Undan tashqari, qurilma ikki dona kamera bilan jihozlangan — asosiy 200MP sensor va 12MP ultra keng burchakli kameraga ega.

Samsung uzoq kutilgan Galaxy S25 Edge flagman smartfonini taqdim etdi. 13 may kuni boʻlib oʻtgan Galaxy Unpacked virtual tadbirida smartfon barcha texnik xususiyatlari bilan ommaga namoyish qilindi.
Mazkur smartfon Samsung tarixidagi eng yupqa smartfon boʻlib, atigi 5,8 mm qalinlik va bor-yoʻgʻi 163 gramm ogʻirlika ega.
Dizayn va displey
Galaxy S25 Edge korpusi titandan tayyorlangan boʻlib, old va orqa panelda yangi Corning Gorilla Glass Ceramic 2 oynasi ishlatilgan. Bu material qurilmaga yengil, lekin mustahkam tuzilma beradi.
Telefon uch xil rangda taqdim etilgan: Titanium Silver, Titanium Jet Black va Titanium Icy Blue.

U 6.7 dyuymli Dynamic AMOLED 2X displeyga ega boʻlib, QHD+ aniqlik va 1–120Hz adaptiv yangilanish chastotasini qoʻllab-quvvatlaydi. Ekran yorqinligi maksimal 2,600 nitga yetadi va HOP 3.0 texnologiyasi yordamida quyosh nuri ostida ham aniq koʻrinadi. Shuningdek, qurilma IP68 standarti asosida suv va changga chidamli deb topilgan.
Ishlash tezligi va dasturiy taʼminot
Galaxy S25 Edge yangi avlod Snapdragon 8 Elite for Galaxy protsessori bilan jihozlangan. Unda 12GB tezkor xotira (RAM) va 256GB yoki 512GB doimiy xotira (UFS 4.0) mavjud. Bu konfiguratsiya ogʻir oʻyinlar, sunʼiy intellekt asosidagi ilovalar va boshqa kuchli vazifalarni bemalol bajarish imkonini beradi.

Qurilma Android 15 asosidagi One UI 7.0 operatsion tizimida ishlaydi va Samsung 7 yil davomida xavfsizlik va tizim yangilanishlarini vaʼda qilmoqda.
Kamera
Orqa panelda ikki dona kamera mavjud: asosiy 200MP sensor (f/1.7, OIS) va 12MP ultra keng burchakli kamera. Garchi bu konfiguratsiya S25 va S25+ modellaridagi uch kamerali tizimga nisbatan soddaroq boʻlsa-da, Galaxy AI texnologiyasi yordamida suratlar juda sifatli olinadi.

Old tomonda esa 12MP selfi kamerasi bor — videoqoʻngʻiroqlar va suratlar uchun yetarli darajada aniqlik beradi.
Batareya va quvvat olish
Qurilmaning yupqa dizayni sababli unda 3,900 mA/soat sigʻimli batareya oʻrnatilgan. Bu Galaxy S25 (4,000 mA/soat) va S25 Plus (4,900 mA/soat) dan biraz kichikroq. Shunga qaramay, optimallashtirilgan chipset va displey tufayli qurilma 24 soatgacha video koʻrishni taʼminlay oladi.
Telefon 25W tezlikda simli quvvat olishni qoʻllab-quvvatlaydi — 30 daqiqada 55% gacha zaryadlanadi. Shuningdek, Qi simsiz zaryadlash funksiyasi ham mavjud.
Galaxy S25 Edge narxi 256GB modeli uchun $1,099 dan boshlanadi. Kengroq — 512GB xotirali model ham mavjud. Oldindan buyurtma berish 13-maydan, umumiy sotuvlar esa 30-maydan boshlanadi.
Maʼlumot uchun, Apple ham 2025 yil sentabr oyida ultra ingichka iPhone 17 Air’ni taqdim etishni rejalashtirmoqda.