11 997.830 so‘m

increase

18.190

13 967.870 so‘m

increase

66.700

167.310 so‘m

decrease

-0.210

11 997.830 so‘m

increase

18.190

Yaqin Hozirgina ichida
Soliq
48

Qurbon hayiti arafasida tadbirkorlarga katta sovgʻa: soliq yengillashadi, tekshiruvlar qisqaradi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashabbusi va bevosita davlat rahbarining qoʻllab-quvvatlovi bilan tadbirkorlarga qulaylik yaratadigan yangi imkoniyatlar eʼlon qilindi.

Qurbon hayiti arafasida tadbirkorlarga katta sovgʻa: soliq yengillashadi, tekshiruvlar qisqaradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev har doim tadbirkorlar masalasiga alohida eʼtibor qaratib, ular uchun yangi imkoniyat va qulayliklar yaratishga intiladi. Davlat rahbariyati biznes vakillarini iqtisodiyotni rivojlantiradigan asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida koʻradi. Yangi qarorlar esa “tadbirkor boy boʻlsa — davlat ham boy boʻladi” degan tamoyil asosida qabul qilinadi.

Aynan shuning davomida sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subʼektlari oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda kichik biznesning tabiiy oʻsishiga toʻsqinlik qilayotgan ayrim tartiblarni qayta koʻrib chiqish, soliq yukini yengillashtirish va tadbirkorlar uchun maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq rejimi limiti 5 mlrd soʻmgacha oshiriladi

Amaldagi tartibga koʻra, kichik biznes subʼektlari yillik tushumi 1 milliard soʻmgacha boʻlganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlashga oʻtadi.

Mazkur chegara 2019 yilda belgilangan. Oʻtgan davrda narxlar sezilarli oshgani sababli ayrim tadbirkorlar 1 milliard soʻmlik limitga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subʼektga boʻlish kabi amaliyotlarga murojaat qilayotgani qayd etildi.

Shu bois 2026 yil 1 iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga oʻtishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard soʻmdan 5 milliard soʻmga oshirish taklif qilindi.

Ayrim sohalar uchun 6 foizlik soddalashtirilgan QQS tartibi joriy etiladi

Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish sohalari uchun QQS toʻlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi ilgari surildi. Unga koʻra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS toʻlab, foyda soligʻidan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin boʻladi.

Bu kichik biznes uchun soliq hisoblash va toʻlash jarayonini soddalashtiradi, maʼmuriy yukni kamaytiradi hamda aylanmalarni yashirish va biznesni sunʼiy boʻlishga ragʻbatni pasaytiradi.

QQS boʻyicha ortiqcha byurokratiya ham kamayadi

Taqdimotda QQS maʼmuriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga oʻtgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshayotgani, 2025 yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq toʻlovchilarning 77 foizi QQS toʻlovchilari hissasiga toʻgʻri kelgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish tartibini bekor qilish, import boʻyicha majburiy QQSga oʻtish amaliyotini qayta koʻrib chiqish hamda bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif qilindi.

Kichik biznes subʼektlariga nisbatan maʼmuriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorlarga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish ham nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, soliq xavfi 500 million soʻmgacha boʻlgan holatlarda soliq auditi, 100 million soʻmgacha boʻlganda esa sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.

Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham qoʻshimcha yengilliklar koʻzda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi boʻyicha talabni bekor qilish hamda ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish taklif etildi.

Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subʼekti uchun qonuniy oʻsish imkoniyatini kengaytirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga byudjetga yiliga kamida 2 trillion soʻm qoʻshimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.

Prezident taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, kichik biznes uchun qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga ragʻbatlantirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+