11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

25 daqiqa avval
Iqtisodiyot
50

Pishloq, yogurt va boshqa oziq-ovqatlarga 15–30 foizlik import bojlarini qaytarish taklifi qoʻllab-quvvatlanmadi

Oʻzbekistonda 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlarini qayta joriy etish boʻyicha taklif rad etildi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2027 yildan ayrim mahsulotlar uchun amaldagi bojxona imtiyozlarini uzaytirmaslikni taklif qilgan edi. Jamoatchilik kengashi hisob-kitoblar yetarli emasligini bildirib, loyihani qayta ishlashga yubordi.

Pishloq, yogurt va boshqa oziq-ovqatlarga 15–30 foizlik import bojlarini qaytarish taklifi qoʻllab-quvvatlanmadi

Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi pishloq, yogurt, shokolad va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga 15–30 foizlik import bojlarini qayta joriy etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini qoʻllab-quvvatlamadi.

29 oktabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Sarvarxoʻja Xonxoʻjayev prezident farmoni loyihasini taqdim etdi. Unda 2027 yil 1 yanvarda muddati tugaydigan ayrim bojxona imtiyozlarini qayta koʻrib chiqish taklif etilgan.

Hozirda 56 turdagi asosiy oziq-ovqat va isteʼmol mahsulotlariga nol stavkali import bojlari amal qiladi. Vazirlik ularning 45 tasi uchun imtiyozlarni toʻliq, yana ikkita tovar pozitsiyasi boʻyicha qisman 2028 yilgacha uzaytirishni taklif qilgan.

Biroq quyultirilgan sut va qaymoq, yogurt, pishloq va tvorog, olma, nok, behi, shokolad, qandolat mahsulotlari, makaron, mineral suv va alkogolsiz ichimliklar kabi mahsulotlar uchun imtiyozlarni uzaytirish rejalashtirilmagan.

Natijada amaldagi imtiyozlar muddati tugagach, ayrim mahsulotlarga import bojlari qayta qoʻllanilishi mumkin edi. Jumladan, pishloq va tvorog uchun 15 foiz, yogurt, olma va nok uchun 20 foizlik boj stavkalari tilga olingan.

Vazirlik ushbu taklifni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan taʼminlash darajasi asosida ishlab chiqqanini bildirgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2026 yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonda 84 ta korxona tomonidan 84 ming tonna sut va qaymoq ishlab chiqarilgan. Ushbu mahsulotlar importi esa 15 ming tonnani tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakatda 77 ta korxona yogurt ishlab chiqaradi. Sakkiz oyda 9,8 ming tonna yogurt hamda 10,3 ming tonna pishloq va tvorog import qilingan.

Biroq kengash aʼzolari ishlab chiqarish hajmining oʻzi ichki talab toʻliq qondirilayotganini anglatmasligini taʼkidladi. Mahsulotlarning isteʼmol meʼyorlari, aholining xarid qobiliyati va import bojlari narxlarga qanday taʼsir qilishi boʻyicha qoʻshimcha hisob-kitoblar soʻraldi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi umumiy inflyatsiyadan tezroq oshayotgan bir paytda bojxona imtiyozlarini qisqartirishga qarshi chiqdi. Uning fikricha, mahalliy ishlab chiqarish yetarli ekani haqidagi xulosa iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslanmagan.

“Korzinka” supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov ham taklifga eʼtiroz bildirdi. Uning maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil boshidan pishloq narxlari 18 foizdan koʻproqqa oshgan.

Hoshimov mahalliy ishlab chiqarish hajmi yetarli boʻlgan taqdirda ham mahsulotlarning bir qismi qayta ishlanishi yoki saqlash jarayonida yoʻqotilishi mumkinligini taʼkidlagan. Shuningdek, bojxona imtiyozlarining har yili qisqa muddatga uzaytirilishi importchilar uchun noaniqlik yaratib, narxlarga qoʻshimcha bosim oʻtkazishi mumkinligini bildirgan.

Muhokamada amaldagi nol stavkali bojlarni kamida uch yilga uzaytirish taklifi ham ilgari surildi.

Yigʻilish yakunida Jamoatchilik kengashi loyiha yetarli iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslanmaganini qayd etdi. Hujjatni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga qaytarish, qoʻshimcha tahlillar oʻtkazish va tadbirkorlar bilan qayta muhokama qilish tavsiya etildi.

Shu tariqa, import bojlarini qayta joriy etish boʻyicha taklif hozircha qoʻllab-quvvatlanmadi. Biroq bu tegishli mahsulotlar uchun nol stavkali bojlar 2027 yildan keyin ham avtomatik saqlanib qolishini anglatmaydi. Amaldagi imtiyozlar muddati uzaytirilishi uchun tegishli qaror qabul qilinishi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+