Passiv daromad – moliyaviy erkinlik sari yoʻl
Passiv daromad tushunchasi va unga ega boʻlishning 6 yoʻli.

Passiv daromadni tushunish va unga ega boʻlish yoʻllari moliyaviy mustaqillikka erishishning muhim asoslaridan biridir. Quyida biz ushbu daromad turini batafsil koʻrib chiqamiz.
Passiv daromad oʻzi nima?
Daromadlar ikki asosiy turga boʻlinadi:
- Aktiv daromad: inson oʻz mehnati evaziga, kunlik yoki oylik faoliyati uchun oladigan daromad (masalan, ish haqi, xizmat koʻrsatish yoki savdo daromadi).
- Passiv daromad: bu bir marta qilingan investitsiya yoki faoliyat natijasida keyinchalik faol ishtiroksiz olinadigan daromaddir.
Uorren Baffett – passiv daromad ramzi

Dunyodagi eng muvaffaqiyatli investorlar qatorida har doim Uorren Baffett misol tariqasida keltiriladi. U uzoq muddatli investitsiyalar yordamida oʻz moliyaviy muvaffaqiyatini barpo etgan. Bugungi kunda Baffett Forbes milliarderlar reytingida 6-oʻrinda turib, 146,8 milliard dollarlik boylikka ega. Bu muvaffaqiyat ortida esa innovatsiyalar emas, balki samarali investitsiya strategiyalari yotadi. Uning asosiy daromadlari Apple, Coca-Cola va American Express kabi kompaniyalardagi aksiyalaridan keladi.
Passiv daromadning asosiy turlari
Passiv daromad turli yoʻllar orqali yaratilishi mumkin. Quyida esa biz eng asosiy va ommabop passiv daromad turlarini koʻrsatib oʻtamiz.
Depozitlar orqali daromad olish
Depozitlar bankka qoʻyilgan mablagʻlardan foiz koʻrinishida olinadigan daromaddir. Ushbu tur qolganlarga nisbatan xavfsizroq hisoblanadi, chunki omonatlar “Fuqarolar banklardagi omonotlarini kafolatlash fondi” tomonidan himoyalanadi. Hozirda kafolat miqdorining maksimal chegarasi boʻlmasada, yangi qonun loyihasiga koʻra bu miqdor 200 million soʻmga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Ijara orqali olinadigan daromad
Bu turdagi daromad faqatgina koʻchmas mulkni ijaraga berish bilan cheklanib qolmasdan, balki oʻz ichiga mashina, maishiy texnika, elektronika va boshqa buyumlarni ijaraga berishni ham qamrab oladi. Ushbu usul uzoq muddatda daromad keltiruvchi barqaror manbalardan biridir.
Investitsiyalar
Aksiyalar va fondlarga investitsiya kiritish orqali dividend yoki foiz koʻrinishida daromad olish imkoniyati mavjud. Shuningdek, turli investitsion loyihalarga pul tikish orqali uzoq muddatli foyda olish mumkin. Ushbu tur xavfliroq boʻlishiga qaramay, katta daromadlar olib kelishi bilan ajralib turadi.
Avtomatlashtirilgan biznes
Faol ishtiroksiz daromad olishning bu turi vending mashinalari, oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish bizneslari (avtomobil yuvish shaxobchalari) yoki avtomatlashtirilgan boshqa biznes modellari orqali amalga oshiriladi. Ushbu usul boshlangʻich kapital talab qilsada, keyinchalik minimal nazorat bilan daromad olish imkonini beradi.
Kriptovalyutalarga investitsiya
Kriptovalyutalar soʻnggi yillarda eng mashhur passiv daromad manbalaridan biriga aylandi. Bunday turdagi aktivlarga investitsiya kiritish xuddi aksiyalar kabi riskga boy boʻlib, bu sizdan soha haqidagi bilim va tajribani talab qiladi.
Umuman olganda passiv daromad turlarining har biri turli darajadagi kapital va bilimni talab qiladi. Moliyaviy barqarorlikka erishish uchun esa daromadlarning bir nechta manbasiga ega boʻlish tavsiya qilinadi. Shuningdek, zamonaviy moliya va texnologiya sohasidagi yangi imkoniyatlardan foydalanish moliyaviy daromad manbalarini koʻpaytirishda muhim rol oʻynashi mumkin.