“Oʻzbektelekom” I chorakda rekord darajada sof foyda oldi
“Oʻzbektelekom” AK 2026 yilning I choragida 412,25 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichdan qariyb 16 baravar koʻproqdir.

“Oʻzbektelekom” AK 2026 yilning I choragida 412,25 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi 25,73 mlrd soʻmlik koʻrsatkichdan qariyb 16 baravar koʻp. Kompaniyaning sof tushumi esa 12,5 foizga oshib, 2,84 trln soʻmga yetgan.
Kompaniya eʼlon qilgan choraklik hisobotga koʻra, 2026 yilning I choragida xizmat va mahsulot realizatsiyadan sof tushum 2,84 trln soʻmni tashkil qilgan. Oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 2,52 trln soʻm boʻlgan. Yaʼni daromad bir yil ichida 315,65 mlrd soʻmga oshgan.
Shu bilan birga, sotilgan mahsulot, ish va xizmatlar tannarxi deyarli oʻzgarmagan — 1,68 trln soʻm atrofida qolgan. Natijada yalpi foyda sezilarli oshib, 852,64 mlrd soʻmdan 1,16 trln soʻmga yetgan. Bu 36 foizlik oʻsishni anglatadi.
Kompaniyaning asosiy faoliyatdan olgan foydasi ham keskin koʻpaygan. 2025 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 402,96 mlrd soʻm boʻlgan boʻlsa, 2026 yil I choragida 631,93 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Boshqacha aytganda, asosiy faoliyatdan foyda 56,8 foizga oshgan.
Sof foydaning keskin oshishida moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar ham muhim rol oʻynagan. Xususan, moliyaviy faoliyatdan daromadlar 261,01 mlrd soʻmgacha yetgan (2025 yil I chorakda 34,8 mlrd soʻm). Bunda valyuta kursi farqidan olingan daromadlar 244,23 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Shu bilan birga, moliyaviy xarajatlar ham yuqoriligicha qolgan — 422,94 mlrd soʻm.
Hisobot davrida kompaniyaning soliqqacha foydasi 470 mlrd soʻmga yetgan. Daromad soligʻi 57,75 mlrd soʻmni tashkil qilganidan soʻng, sof foyda 412,25 mlrd soʻm boʻlgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning mos davrida tashkilot sof foydasi 25,73 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.









