Oʻzbekistonning tashqi qarzi olti oyda 1,9 mlrd dollarga oshib, 84,1 mlrd dollarga yetdi
2026 yilning birinchi yarim yilligida tashqi qarz 2,3 foizga koʻpaydi. Oʻsishning qariyb uchdan ikki qismi davlat tashqi qarzi hissasiga toʻgʻri kelgan. Korporativ qarz esa davlatnikidan yuqoriligicha qolmoqda, biroq ular oʻrtasidagi farq qisqargan.

Markaziy bankning 2026 yil birinchi yarim yilligi boʻyicha sharhiga koʻra, 1 iyul holatida Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 41,7 mlrd dollari davlat, 42,4 mlrd dollari korporativ tashqi qarz hissasiga toʻgʻri keladi.
Yil boshida jami tashqi qarz 82,2 mlrd dollar boʻlgan. Dastlabki uch oyda koʻrsatkich deyarli oʻzgarmaganini hisobga olsak, olti oylik oʻsish asosan ikkinchi chorakka toʻgʻri kelgan. Yaxlitlangan raqamlar boʻyicha qarz aprel–iyun oylarida 1,9 mlrd dollarga yoki 2,3 foizga oshgan.
Oʻsishning asosiy qismi davlat qarzi hisobiga shakllandi
Davlat tashqi qarzi yil boshidagi 40,5 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollarga yetgan. Bu qariyb 1,2 mlrd dollar yoki 3 foizlik oʻsishni anglatadi.
Korporativ tashqi qarz esa shu davrda 41,7 mlrd dollardan 42,4 mlrd dollarga koʻpaygan. Oʻsish qariyb 700 mln dollar yoki 1,7 foizni tashkil etgan. Shu tariqa, jami tashqi qarzdagi oʻsishning taxminan 63 foizi davlat, 37 foizi korporativ sektor hissasiga toʻgʻri kelgan
Bu avvalgi yildagi holatdan farq qiladi. Pinkod avval yozganidek, 2025 yilda tashqi qarz 18,1 mlrd dollarga oshgan va oʻsishning asosiy qismi korxonalar hamda banklar jalb qilgan mablagʻlar hisobiga shakllangan. Oʻshanda korporativ qarz 11,5 mlrd dollarga, davlat tashqi qarzi esa 6,6 mlrd dollarga koʻpaygan edi.
Korporativ va davlat qarzi oʻrtasidagi farq qisqardi
Korporativ tashqi qarz davlatnikidan endi oshgani yoʻq, yil boshida ham u 1,2 mlrd dollarga yuqori boʻlgan. Birinchi yarim yillik yakunida bu farq 700 mln dollargacha qisqargan.
Natijada korporativ sektorning jami tashqi qarzdagi ulushi qariyb 50,7 foizdan 50,4 foizga tushgan. Davlat tashqi qarzining ulushi esa mos ravishda 49,3 foizdan 49,6 foizga koʻtarilgan.
Markaziy bank izohiga koʻra, korporativ qarz tarkibida banklar va tadbirkorlik subʼektlarining davlat kafolatisiz jalb qilgan tashqi qarzlari aks etadi. Bunday majburiyatlar boʻyicha toʻlovlar tegishli bank va korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.









