11 818.070 so‘m

decrease

-35.480

13 788.140 so‘m

decrease

-81.700

141.690 so‘m

decrease

-0.170

11 818.070 so‘m

decrease

-35.480

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
70

Oʻzbekistonning davlat qarzi 48,3 mlrd dollarga yetdi

2026 yilning ikkinchi choragi yakunida Oʻzbekiston davlat qarzi 48,32 mlrd dollarga yetdi. Bir yil ichida qarz 4,82 mlrd dollarga yoki 11,1 foizga oshgan, shundan 1,33 mlrd dollarlik oʻsish soʻnggi uch oy hissasiga toʻgʻri keladi. Shunga qaramay, davlat qarzining YaIMga nisbati 29,6 foizdan 27 foizga pasaygan.

Oʻzbekistonning davlat qarzi 48,3 mlrd dollarga yetdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning ikkinchi choragi yakunida Oʻzbekistonning davlat qarzi 48,32 mlrd dollarga yetgan. Bu birinchi chorakdagi 46,99 mlrd dollarga nisbatan 1,33 mlrd dollar yoki 2,8 foizga koʻp.

Davlat qarzining 40,71 mlrd dollari tashqi qarz hissasiga toʻgʻri keladi. Bu jami majburiyatlarning 84 foiziga teng. Tashqi qarz bir chorakda 935 mln dollarga yoki 2,4 foizga koʻpaygan.

Ichki qarz esa 395 mln dollarga oshib, 7,6 mlrd dollarga yetdi. Uning oʻsish surʼati 5,5 foizni tashkil etib, tashqi qarzga qaraganda ikki baravardan yuqori boʻlgan. Natijada ichki qarzning umumiy hajmdagi ulushi 15 foizdan 16 foizga koʻtarilgan.

Qarz oʻsishi asosan milliy valyutadagi majburiyatlar hisobiga yuz bergan. Soʻmda denominatsiya qilingan davlat qarzi bir chorakda 5,71 mlrd dollardan 7,08 mlrd dollarga oshgan. Bu 1,37 mlrd dollar yoki 24 foizlik oʻsish demakdir.

Ayni paytda xorijiy valyutada denominatsiya qilingan qarzlar 41,28 mlrd dollardan 41,24 mlrd dollarga tushgan. Shu tariqa, ularning jami davlat qarzidagi ulushi qariyb 88 foizdan 85 foizgacha kamaygan. Biroq qarzning asosiy qismi hamon valyuta kursi oʻzgarishlariga bogʻliq.

Taqqoslash uchun, 2025 yilning ikkinchi choragida davlat qarzi 43,5 mlrd dollar edi. Bir yil ichida koʻrsatkich 4,82 mlrd dollarga yoki 11,1 foizga oshgan.

Shunga qaramay, qarzning YaIMga nisbati 29,6 foizdan 27 foizgacha pasaygan. Bunga qarzning kamayishi emas, hisob-kitob uchun olingan nominal YaIM hajmining tezroq oʻsishi sabab boʻlgan. Vazirlik 2026-yilgi nisbatni dastlabki prognoz YaIM asosida hisoblagan.

Davlat qarzining 27,56 mlrd dollari qatʼiy, 18,77 mlrd dollari oʻzgaruvchan foiz stavkasida jalb qilingan. Foizsiz majburiyatlar hajmi esa 1,98 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, qisqa muddatli hamda kelgusi bir yil ichida toʻliq soʻndirilishi kerak boʻlgan qarzlar hajmi bir chorakda 2,64 mlrd dollardan 3,59 mlrd dollarga oshgan. Yaʼni yaqin bir yildagi toʻlovlar va qayta moliyalashtirish talab qilinadigan majburiyatlar 945 mln dollarga koʻpaygan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+