Oʻzbekistonliklar pullarini tobora kamroq dollarda saqlamoqda
Soʻnggi yillarda aholi va biznesning muddatli depozitlaridagi dollar ulushi keskin pasaymoqda. Masalan, 2019 yilda jismoniy shaxslar omonatlarida 32,6 foizni tashkil etgan dollar ulushi 2025 yilga kelib 22,5 foizga tushgan.

Oʻzbekistonda aholi va biznes subʼektlari orasidagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda Markaziy bank tahlilchisi oʻtkazgan tadqiqotdan maʼlum boʻldi.
Aholi omonatlarida dollarning ulushi keskin kamaydi
Tadqiqotdagi eng asosiy natijalaridan biri jismoniy shaxslarning muddatli depozitlarida dollar ulushining barqaror pasayishidir.
Raqamlarga yuzlanadigan boʻlsak, 2019 yil yakunida jismoniy shaxslar omonatlaridagi dollarlashuv darajasi 32,6% boʻlgan. 2024 yil mayidan boshlab ushbu koʻrsatkich 30% dan pastga tushishi kuzatildi. 2025 yil 1 noyabr holatiga kelib esa dollarlashuv darjasi 22,5% gacha pasaydi. Demak, aholi oʻz jamgʻarmalarini uzoq muddatga saqlashda tobora koʻproq milliy valyuta, soʻmga ishonch bildirmoqda.
Biznes segmentidagi pasayish yanada keskinroq
Yuridik shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha dollarlashuv darajasi soʻnggi yillarda keskin qisqargan. Buni quydagi raqamlardan bilish mumkin:
- 2019 yil oxirida: Yuridik shaxslarning muddatli depozitlarida xorijiy valyuta ulushi deyarli yarmini — 48,2 foizni tashkil qilgan .
- 2025 yil noyabr: Ushbu koʻrsatkich keskin pasayib, 20,5 foizga tushgan.
Bu atigi besh yil ichida deyarli 2,5 barobar qisqarish degani.
Umumiy hisobda, Oʻzbekistonda muddatli depozitlar boʻyicha dollarlashuv darajasi 15,9 foizni tashkil etmoqda. Ammo "talab qilib olinguncha" depozitlarda bu koʻrsatkich hamon yuqori — 40 foizdan balandligicha qolmoqda.
“Tabiiy dollarlashuv” nima va u qanday oʻzgardi?
Tadqiqotda MVP (Minimum Variance Portfolio) modeli asosida dollarlashuvning tabiiy darajasi hisoblab chiqilgan. Bu daraja inflyatsiya va valyuta kursining tebranishlari (risklar) hisobga olinganda iqtisodiy agentlar uchun eng maqbul deb hisoblangan darajadir.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston uchun dollarlashuvning tabiiy darajasi yildan-yilga pasayib bormoqda. Misol uchun, 2020 yil boshida qisqa muddatli davr uchun hisoblangan tabiiy daraja 24,5 foiz edi. 2025 yil oktabrga kelib esa bu koʻrsatkich 17,8 foizgacha pasaydi. Soʻnggi 3 yillik davrni inobatga olganda esa tabiiy dollarlashuv darajasi 19,3 foizga tengligi aniqlandi.
Hozirgi vaqtda bozordagi haqiqiy dollarlashuv darajasi hisoblangan "tabiiy daraja"dan biroz yuqori (qisqa muddatli hisob-kitobga nisbatan 3,5 foiz bandga farq qiladi).









