12 557.560 so‘m

decrease

-34.150

14 809.130 so‘m

decrease

-12.570

159.440 so‘m

decrease

-0.740

12 557.560 so‘m

decrease

-34.150

4 соат аввал
Bank

Oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi bankdan kredit olgan?

2025 yil 1 iyun holatiga koʻra, Oʻzbekiston bank tizimida aholi va tashkilotlar ajratilgan jami kreditlar hajmi 567,7 trillion soʻmni tashkil etmoqda.

Pinkod aholi aynan qaysi banklardan koʻproq kredit olgani haqidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.

Oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi bankdan kredit olgan?
Foto: AI / Pinkod.uz

Davlat banklaridagi jami kredit portfeli 389,2 tlrn soʻmni tashkil qilsa, xususiy banklarda bu miqdor 178,5 trln soʻmni tashkil qilmoqda.

Jami kreditlarning 193,7 trln soʻmlik qismi jismoniy shaxslarga, 374 trln soʻmi esa yuridik shaxslarga ajratilgan.

Aholi davlat banklaridan jami 101,84 tlrn soʻmlik, xususiy banklardan esa 91,9 trln soʻmlik kredit olgan.

Aholi eng koʻp kredit olgan TOP 10 ta bank

1. “Ipoteka bank” — 24,5 trln soʻm

Bankning umumiy kredit portfeli 35,4 trillion soʻmni tashkil etadi. Shundan 69,2 foizi jismoniy shaxslarga ajratilgan. Bu koʻrsatkich “Ipoteka bank”ni aholiga kredit ajratish boʻyicha yetakchi bankka aylantirmoqda. 2023 yilga qadar davlat banki maqomiga ega boʻlgan “Ipoteka bank”da davlat ulushi Vengriyada joylashgan OTP Group’ga sotilgach, bank faoliyati xususiylashtirildi.

2. Xalq banki — 22,46 trln soʻm

Xalq bankining umumiy kredit portfeli 29,97 trln soʻm boʻlib, undan 75 foiz qismi jismoniy shaxslarga ajratilgan. Bank ijtimoiy yoʻnalishdagi kreditlar, isteʼmol kreditlari va pensiya xizmatlari bilan mashhur. Shuningdek, Xalq banki Oʻzbekistonning eng qadimgi moliyaviy institutlaridan biri boʻlib, uning tarixi XIX asr oxiriga borib taqaladi.

3. “Oʻzmilliybank” — 19,9 trln soʻm

“Oʻzmilliybank”ning umumiy kredit portfeli 108,5 trln soʻm boʻlib, mamlakatdagi eng katta kredit portfellaridan biridir. Biroq ushbu hajmning 88,6 trln soʻmi yuridik shaxslarga, 19,9 trln soʻmi esa jismoniy shaxslarga toʻgʻri keladi. Bank asosan yirik korxonalar va loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan, ammo jismoniy shaxslarga kredit berishda ham ancha faol.

4. “Kapitalbank” — 18,51 trln soʻm

“Kapitalbank”da esa aholiga ajratilgan kreditlar hajmi 18,51 trillion soʻmni tashkil etadi. Bu bankning kredit portfeli nisbatan muvozanatli boʻlib, yuridik shaxslarga ham 15,46 trillion soʻm miqdorida kredit ajratilgan. “Kapitalbank” Oʻzbekistondagi ilk xususiy banklardan biri sifatida tanilgan.

5. “Biznesni rivojlantirish banki” — 12,69 trln soʻm

Keyingi oʻrinda “Biznesni rivojlantirish banki” (BRB) turibdi. 2023 yil sentabrida nomini oʻzgartirgan bu bankning kredit portfeli 23,8 trillion soʻmni tashkil etib, 12,69 trillion soʻmi jismoniy, 11,12 trillion soʻmi esa yuridik shaxslarga ajratilgan. Bank portfelining muvozanatli boʻlishi uning har ikki yoʻnalishda faol ishlayotganini koʻrsatadi.

6. “Agrobank” — 11,16 trln soʻm

“Agrobank” iyun oyida kredit portfeli hajmi boʻyicha ikkinchi oʻringa chiqdi. Uning umumiy portfeli 70,88 trln soʻmni tashkil qilmoqda. Biroq bank kreditlarining katta qismi — 81,3 foizi, yaʼni 59,72 trln soʻmlik qismi yuridik shaxslarga toʻgʻri keladi.

7. “Oʻzsanoatqurilishbank” — 10,4 trln soʻm

“Oʻzsanoatqurilishbank”(SQB) aholiga 10,4 trillion soʻmlik kredit bergan. Bank umumiy kredit portfeli 68,5 trillion soʻm boʻlib, shundan 58,1 trillion soʻmi yuridik shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu bank ham asosan biznes loyihalarini moliyalashtiradi.

8. TBC bank — 9,77 trln soʻm

TBC Bank raqamli xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan bank boʻlib, uning 10,23 trillion soʻmlik umumiy portfelining 95 foizi, yaʼni 9,77 trillion soʻmi jismoniy shaxslarga ajratilgan.

9. “Asakabank” — 9,5 trln soʻm

“Asakabank” aholiga 9,5 trillion soʻm miqdorida kredit ajratgan. Bank umumiy kredit portfeli 39,88 trillion soʻmni tashkil qiladi.

10. “Mikrokreditbank” — 8,1 trln soʻm

“Mikrokreditbank”ning umumiy kredit portfeli 19,65 trln soʻm. Shundan 8,1 trln soʻmi jismoniy, 11,55 trln soʻmi yuridik shaxslarga ajratilgan. Bank ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, tadbirkorlik subʼektlari va kichik bizneslar bilan faol ishlaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+