Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari olti oyda 27 foizga oshdi
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekistonga xorijdan yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi $8,2 milliardni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgan. Bu mablagʻlarning katta qismi anʼanaviy ravishda Rossiyadan yuborilgan.

Joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonga xorijdan amalga oshirilgan pul oʻtkazmalari hajmi 27 foizga oshib, 8,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning sharhida maʼlumot berilgan.
Ushbu mablagʻlarning 78 foizi Rossiyadan yuborilgan. Yanvar-iyun oylarida ushbu davlatdan Oʻzbekistonga 6,4 milliard dollar miqdorida pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan. Qolgan qismi esa Qozogʻiston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirgʻiziston, Litva va boshqa mamlakatlardan yuborilgan.

Markaziy bank izohiga koʻra, oʻsishning asosiy omillari sifatida Oʻzbekiston fuqarolari anʼanaviy tarzda mehnat qilayotgan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani, shuningdek, milliy valyutalar kursining mustahkamligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etmoqda. Bu esa rivojlangan mamlakatlardan Oʻzbekistonga kelib tushayotgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining ortishiga sabab boʻlmoqda.
Xususan, quyidagi davlatlardan yuborilgan pul oʻtkazmalarida sezilarli oʻsish kuzatildi:
- Buyuk Britaniyadan — 2 barobar,
- Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan — 41% (Irlandiyadan — 2,8 barobar, Litvadan — 79%, Niderlandiyadan — 44%, Polshadan — 20%),
- AQShdan — 15%.

Birinchi yarim yillikda jismoniy shaxslarga tushgan mablagʻlarning taqsimoti quyidagicha boʻldi:
- 4,3 mlrd dollar (53%) — xalqaro pul oʻtkazma tizimlari orqali (2023 yilga nisbatan oʻsish 22%),
- 3,6 mlrd dollar (44%) — bank kartalari orqali P2P-oʻtkazmalar (oʻsish 40%),
- 251 mln dollar (3%) — bank oʻtkazmalari (SWIFT) orqali amalga oshirilgan (oʻtgan yilga nisbatan pasayish — 22%).
Shu davrda Oʻzbekistondan xorijga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi oʻzgarishsiz qolib, 1,2 milliard dollarni tashkil etdi.