Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,2 foizgacha tushdi
2026 yil yanvar oyida Oʻzbekistonda inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi, yillik hisobda esa 7,2 foizgacha pasaydi. Bu inflyatsiya statistikasi eʼlon qilina boshlagandan buyon qayd etilgan eng past daraja boʻldi. Shu bilan birga, yanvar oyida goʻsht, limon, bulgʻor qalampiri va OSAGO sugʻurtasi kabi mahsulot va xizmatlar sezilarli qimmatlashdi.

Oʻzbekistonda 2026 yil yanvar oyida inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.
Oylik inflyatsiya darajasi 2025 yilning yanvar oyiga nisbatan oʻzgarishsiz qoldi. Yillik hisobda esa inflyatsiya 9,9 foizdan 7,2 foizgacha pasaydi. Bu koʻrsatkich inflyatsiya statistikasi eʼlon qilina boshlagandan buyon qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.
Meva va sabzavot mahsulotlaridagi mavsumiy tebranishlar hisobga olinmaganda, 2026 yil yanvar holatiga koʻra yillik inflyatsiya 8,1 foizni tashkil etdi.
Maʼlumot uchun, 2026 yil yakuniga borib yillik inflyatsiya 6,5 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Markaziy bankning inflyatsion targetlash siyosatiga muvofiq, 5 foizlik maqsadli darajaga 2027 yilda erishish rejalashtirilgan. Inflyatsiyaning barqaror pasayishini taʼminlash maqsadida yanvar oyida asosiy stavka oʻzgarishsiz – yillik 14 foiz darajasida qoldirilgan.
2026 yil yanvarida nimalar qimmatlashdi?
2026 yil yanvar oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari oʻsdi. Oziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,8 foizga, 2025 yil yanvariga nisbatan 5,5 foizga qimmatlashdi. Sanoat tovarlari narxlari oylik 0,4 foiz, yillik 5,2 foiz oʻsdi. Pullik xizmatlar esa oy davomida 0,8%ga, yillik hisobda 13,5 foizga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
2026 yil yanvarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida qoʻy goʻshti eng koʻp qimmatlashdi — 1,6 foiz. Parranda goʻshti 1,4–1,5 foiz, mol goʻshti esa 1–1,1 foizga oshdi. Shuningdek, shakar va sut (1%), tuxum (0,6%) hamda oʻsimlik yogʻi (0,4%) narxi koʻtarildi. Mol goʻshtining oʻrtacha narxi respublika boʻyicha 500–1000 soʻmga oshdi.
Meva-sabzavotlar orasida bulgʻor qalampiri narxi keskin — 18,5 foizga koʻtarildi. Yanvar oyida, shuningdek, banan (6,3%), limon (4,9%), karam (3,8%), kartoshka (1,9%), sabzi (1,8%) va piyoz (1,2%) qimmatlashdi. Ayni paytda mandarin (−2,4%), apelsin (−2,3%), pomidor (−2,1%) va guruch (−1,1%) arzonlashdi.
Yillik hisobda limon narxi 90%dan koʻproqqa, qoʻy goʻshti 27 foizga, suyaksiz mol goʻshti 25 foizga, suyakli mol goʻshti 23,8 foizga oshdi. Oʻsimlik yogʻi (12,8%) va karam (deyarli 28%) ham sezilarli qimmatlashdi.
Xizmatlar
2026 yil yanvarida ayrim hududlarda kommunal xizmatlar tariflari oshirildi. Chiqindi tashish narxi oʻrtacha 0,2 foiz, isitish 0,3 foiz, issiq suv 0,9 foizga koʻtarildi. Mobil aloqa xizmatlari bir oyda 2,4 foizga, yillik 18 foizga yaqin qimmatlashdi.
Inflyatsiyaga eng kuchli taʼsir koʻrsatgan omillardan biri — OSAGO sugʻurtasi boʻlib, uning narxi 281,8 foizga oshdi va umumiy inflyatsiyani 0,11 foiz bandga koʻtardi. Avtomaktablarda oʻqish narxi oʻrtacha 5 foizga oshdi.
Tibbiy xizmatlar narxlari ham koʻtarildi: diagnostik xizmatlar 1,5 foiz, ambulator davolanish 1 foiz, statsionar, stomatologiya va laboratoriya xizmatlari 0,7 foizga qimmatlashdi.
Sanoat mahsulotlari
Yanvar oyida AI-92 benzini 0,6 foizga, AI-95 0,4 foizga, AI-98 va AI-100 0,3 foizga qimmatlashdi. Propan narxi bir oyda 8,9 foizga, yillik 12,3 foizga oshdi. Narxlar oʻsishini cheklash maqsadida propanning bir tonnasi uchun 8,25 mln soʻmlik narx chegarasi belgilandi.
Qimmatbaho metallardan yasalgan uzuklar yanvar oyida 7 foizga, yillik hisobda 32,6 foizga qimmatlashdi. Ayrim toifalarda, jumladan ayollar gigiyena vositalarida narxlar 0,6 foizga pasaydi.









