11 948.580 so‘m

increase

58.630

13 793.440 so‘m

increase

76.000

144.290 so‘m

increase

0.360

11 948.580 so‘m

increase

58.630

6 soat avval
Bozor
81

Oʻzbekistonda sukuk, fyuchers va opsionlarni joriy etish taklif qilinmoqda

“Kapital bozori toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasi Oʻzbekistonda sukuk, fyuchers, opsion va boshqa moliyaviy vositalarni chiqarish hamda muomalaga kiritish tartibini belgilashi mumkin. Yangi vositalar hisobiga 2030 yilgacha fond bozoriga 10 trln soʻm investitsiya jalb qilish, ayrim daromadlarga esa 2038 yilgacha soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekistonda sukuk, fyuchers va opsionlarni joriy etish taklif qilinmoqda

Oʻzbekistonda kapital bozorini tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 bob va 123 moddadan iborat hujjat 2015 yilda qabul qilingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunni tubdan qayta koʻrib chiqish asosida tayyorlangan.

Loyiha 27 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan. Shu sababli undagi takliflar hozircha yakuniy kuchga ega emas.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlumotiga koʻra, loyiha kapital bozoridagi moliyaviy vositalar turini sezilarli kengaytirishni nazarda tutadi. Xususan, quyidagilarni huquqiy jihatdan tartibga solish taklif qilinmoqda:

  • opsion, svop, fyuchers va forvardlar;
  • narxlar farqi boʻyicha shartnomalar;
  • qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar;
  • barqaror rivojlanish obligatsiyalari;
  • islom moliyasi tamoyillariga mos sukuk qimmatli qogʻozlari.

Mazkur vositalar investorlarga portfelni diversifikatsiya qilish va narx, valyuta yoki boshqa bozor xatarlarini boshqarish imkonini berishi kutilmoqda. Biroq murakkab moliyaviy mahsulotlardan kimlar foydalanishi mumkinligi investorlarni “malakali” va boshqa toifalarga ajratish orqali tartibga solinadi.

Sukukning toʻrtta turi joriy etilishi mumkin

Loyihada sukukning huquqiy maqomi, uni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, sherikchilik, ijara, savdo va agentlik asosidagi sukuklarni chiqarish nazarda tutilgan.

Investorlar manfaatlarini himoya qilish uchun “sukuk egalari vakili” instituti tashkil etilishi mumkin. Bundan tashqari, qimmatli qogʻozning islom moliyasi standartlariga muvofiqligini tasdiqlash mexanizmi joriy etiladi.

Ayrim daromadlar 2038 yilgacha soliqlardan ozod qilinishi mumkin

Kapital bozoriga uzoq muddatli investorlarni jalb qilish uchun bir qator soliq imtiyozlari taklif qilinmoqda. Xususan, ayrim investitsiya fondlari daromadlari hamda qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar bilan bogʻliq operatsiyalar soliqlardan ozod qilinishi mumkin.

Shuningdek, xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari va sukuk boʻyicha ayrim daromadlarga 2038 yilgacha soliq imtiyozlari berish koʻzda tutilgan. Agentlik ushbu choralar va yangi moliyaviy vositalar orqali 2030 yilgacha fond bozoriga 10 trln soʻm investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda.

Regulyator vakolatlari kengaytiriladi

Loyihada kastodian faoliyatini litsenziyalash, reyting agentliklari, boshqaruv kompaniyalari va investitsiya fondlari faoliyatini ruxsatnoma asosida tartibga solish taklif qilingan.

Shuningdek, markaziy kontragent, oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilotlar va obligatsiya egalari vakili institutlarini yaratish koʻzda tutilmoqda. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining vakolatlari ham kengaytirilishi mumkin.

Vakolatli organga moliyaviy sanksiyalarni mustaqil qoʻllash hamda qonunchilikda belgilangan holatlarda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olish vakolatini berish taklif qilingan. Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlariga Oʻzbekistonda obligatsiya chiqarish, mahalliy kompaniyalarga esa xorijiy kapital bozorlariga chiqish uchun huquqiy sharoit yaratiladi.

Korporativ obligatsiyalar emissiyasi 6,6 barobardan koʻproq oshgan

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda aksiyalar emissiyasi hajmi 2023 yildagi 189,7 trln soʻmdan 2026 yil 1 iyul holatiga 269,4 trln soʻmga yetgan. Bu davrda koʻrsatkich 42 foizga oshgan.

Korporativ obligatsiyalar emissiyasi esa 1,06 trln soʻmdan 7 trln soʻmdan yuqori darajaga chiqib, kamida 6,6 barobar koʻpaygan. Faqat 2025 yil yakunidagi 3,93 trln soʻmlik koʻrsatkich bilan taqqoslaganda ham oʻsish qariyb 78 foizni tashkil etadi.

Fond birjasidagi umumiy savdolar hajmi 2023 yildagi 2,9 trln soʻmdan 2025 yilda 17,6 trln soʻmga yetgan. Shu tariqa, ikki yil ichida birja aylanmasi qariyb olti barobar oshgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+