Oʻzbekistonda qaysi banklar eng koʻp subsidiya ajratmoqda?
Joriy yilning 1 avgust holatiga koʻra, Oʻzbekistonda ipoteka kreditlari boʻyicha aholiga ajratilgan subsidiyalar miqdori 1,2 trillion soʻmga yetdi.
Ushbu mablagʻning 358 milliard soʻmi boshlangʻich badal toʻlovini, 798,7 milliard soʻmi esa ipoteka kreditlari boʻyicha foiz toʻlovining bir qismini qoplashga yoʻnaltirildi.
Eng koʻp subsidiya ajratgan banklar qatorida Oʻzmilliybank, Ipoteka bank va Biznesni rivojlantirish banki yetakchilik qilmoqda.

2025 yil 1 avgust holatiga koʻra, Oʻzbekistonda ipoteka kreditlari boʻyicha aholiga ajratilgan subsidiyalar miqdori 1,2 trillion soʻmga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ajratilgan mablagʻning 358 milliard soʻmi uy-joy xaridida boshlangʻich badal uchun, qolgan 798,7 milliard soʻmi esa ipoteka kreditlari boʻyicha foiz toʻlovining bir qismini qoplashga yoʻnaltirilgan.
Umumiy hisobda 90 mingdan ortiq fuqaro subsidiya dasturlaridan foydalangan. Ularning 11 933 nafari boshlangʻich badal uchun, 78 103 nafari esa foiz toʻlovlarini kamaytirish uchun yordam olgan.
Qaysi banklar eng koʻp subsidiya bermoqda?
Subsidiyalarni ajratishda tijorat banklarining faoliyati sezilarli farq qiladi.
Davlat byudjetidan moliyalashtirilgan ipoteka subsidiyalarining eng katta qismini Oʻzmilliybank ajratgan boʻlib, 19 912 ta kreditga 246,9 milliard soʻm yoʻnaltirgan. Bu umumiy subsidiyalar hajmining 21,3 foiziga teng.

Ipoteka bank ham yetakchilar safida – 19 052 kredit uchun 234 milliard soʻm ajratib, umumiy ulushning 20,2 foizini tashkil etgan. Uchinchi oʻrinda esa Biznesni rivojlantirish banki turibdi. Bank tomonidan 14 995 kreditga 197,1 milliard soʻm subsidiya yoʻnaltirilgan boʻlib, bu 17 foizlik ulushga teng.
Shu bilan birga, ayrim banklar ipoteka subsidiyalari dasturida deyarli ishtirok etmagan. Masalan, Trastbank atigi 12 kredit uchun 0,3 milliard soʻm, Asia Alliance Bank esa 65 kreditga 1,1 milliard soʻm sarflagan. Turonbank esa 1 284 kredit uchun 15,9 milliard soʻm ajratgan.
Hududlar kesimidagi holat
Hududlar boʻyicha tahlil qilinganda, eng koʻp subsidiya olgan viloyat Samarqand boʻldi — bu yerda 11 854 nafar fuqaro 157 milliard soʻmlik subsidiya olgan.

Andijon viloyatida 10 480 kishi 138,5 milliard soʻm miqdorida yordam olgan boʻlsa, Fargʻona viloyatida 10 173 nafar fuqaroga 124,5 milliard soʻm ajratilgan.
Aksincha, Sirdaryo viloyatida subsidiya oluvchilar soni atigi 1 846 nafarni tashkil qilgan va ajratilgan mablagʻ 26,3 milliard soʻmga teng boʻlgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 2 866 nafar fuqaroga 38,6 milliard soʻm, Toshkent shahrida esa 5 617 kishiga 72 milliard soʻm subsidiya ajratilgan. Toshkent aholisi sonining koʻpligiga qaramasdan, subsidiya oluvchilar nisbatan kamroqdir.