12 092.870 so‘m

increase

16.890

13 824.570 so‘m

increase

24.140

157.130 so‘m

decrease

-0.190

12 092.870 so‘m

increase

16.890

3 soat avval
Iqtisodiyot
72

Oʻzbekistonda pensiyani hisoblash davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkin

2027 yildan pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini 6 mln soʻmdan 6,6 mln soʻmga oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ish haqining 5 foizini jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazgan fuqarolarga davlat tomonidan qoʻshimcha 2,5 foiz mablagʻ ajratish taklif qilindi.

Oʻzbekistonda pensiyani hisoblash davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining jozibadorligini oshirish, shuningdek, xususiy va korporativ pensiya mexanizmlarini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekistonda pensiyalar miqdori 3,3 barobar oshirilgan. 2021 yilgacha 1,1 mln nafar fuqaroning pensiyasi 400 ming soʻmdan kam boʻlgan boʻlsa, hozirda eng kam pensiya 878 ming soʻmni tashkil etmoqda. Bu minimal isteʼmol xarajatlari — 715 ming soʻmdan yuqori.

Pensiya 20 yillik ish haqidan hisoblanishi mumkin

Amaldagi tartibga koʻra, pensiya fuqaroning oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyatidagi istalgan ketma-ket besh yillik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi. Shu bilan birga, oylik ish haqining 6 mln soʻmdan yuqori qismi hisob-kitobga kiritilmaydi.

Taqdimotda bu ayrim hollarda fuqarolarga tayinlanadigan pensiyaning oʻrtacha miqdori pasayishiga olib kelayotgani qayd etildi.

Shu sababli pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish taklif qilindi. Bunda fuqaroning past daromad olgan ayrim davrlarini umumiy hisob-kitobdan chiqarish imkoniyati ham koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2027 yildan pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 mln soʻmdan 6,6 mln soʻmga oshirish rejalashtirilmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan oʻrtacha 8 foizga oshishi mumkin.

Davlat pensiya jamgʻarmasiga qoʻshimcha pul ajratishi mumkin

Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ushbu mablagʻlarga yillik 10 foiz daromad hisoblanadi. Bu bank omonatlari boʻyicha daromaddan qariyb ikki barobar kam.

Shu sababli aholini jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida faolroq ishtirok etishga ragʻbatlantirish uchun yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Xususan, oylik ish haqi 7,6 mln soʻmgacha boʻlgan fuqaro pensiya hisobvaragʻiga ish haqining 5 foizini oʻtkazsa, davlat tomonidan uning hisobiga qoʻshimcha 2,5 foiz miqdorida mablagʻ ajratilishi mumkin.

Masalan, oyligi 6 mln soʻm boʻlgan fuqaro har oy 300 ming soʻmni pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazsa, davlat uning hisobiga yana 150 ming soʻm qoʻshib berishi mumkin.

Oylik ish haqi 7,6 mln soʻmdan yuqori boʻlgan fuqarolar uchun esa ushbu miqdordan oshgan daromad boʻyicha toʻlangan ijtimoiy soliqning 1 foizini shaxsiy pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazish taklif qilindi.

Xususiy pensiya tizimi yaratilishi mumkin

Taqdimotda rivojlangan mamlakatlarda jamgʻarib boriladigan pensiya mablagʻlari iqtisodiyot uchun uzoq muddatli moliyaviy resurs vazifasini bajarishi taʼkidlandi.

Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda ham pensiya tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, iqtisodiyotga uzoq muddatli mablagʻlarni jalb qilish imkoniyati paydo boʻladi. Bu Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan.

Shu bois jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish bilan birga, xususiy va korporativ pensiya mexanizmlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Mutasaddilarga xorijiy tajribani oʻrganib, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini tashkil etish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Prezident pensiya tizimidagi oʻzgarishlar millionlab fuqarolarning hayoti va kelajagiga daxldor ekanini qayd etib, har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini puxta hisoblash zarurligini taʼkidladi.

Takliflarni aholi, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida ochiq muhokama qilish, islohotlarning maqsadi va kutilayotgan natijalarini fuqarolarga tushuntirish vazifasi qoʻyildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+