Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi 7,1 mln soʻmga yetdi
2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda oʻrtacha nominal ish haqi yillik 18,4 foizga oshdi. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida 12 mln soʻm, eng pasti esa Qashqadaryoda 4,9 mln soʻm qayd etildi. Bank-moliya sohasidagi oʻrtacha ish haqi taʼlimdagidan 3,8 baravar, sogʻliqni saqlashdagidan esa 4,3 baravar yuqori boʻlgan.

Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2026 yilning yanvar–iyun oylarida 7,09 mln soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida keltirilgan.
Oʻtgan yilning shu davrida koʻrsatkich 5,99 mln soʻm boʻlgan. Shu tariqa, oʻrtacha ish haqi bir yilda 1,1 mln soʻm yoki 18,4 foizga oshgan.
2022 yilning birinchi yarmida oʻrtacha maosh 3,55 mln soʻm edi. Toʻrt yil ichida koʻrsatkich 3,54 mln soʻmga yoki 99,7 foizga koʻpaygan. Biroq bu nominal oʻsish boʻlib, narxlar oshishi hisobga olinmagan.
Poytaxtdagi ish haqi Qashqadaryodan 2,5 baravar yuqori
Hududlar orasida eng yuqori oʻrtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi — 12,01 mln soʻm. Bu respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan 69,4 foiz yuqori.
Ikkinchi oʻrinni 8,72 mln soʻmlik koʻrsatkich bilan Navoiy viloyati egallagan. Faqat shu ikki hududdagi oʻrtacha ish haqi respublika darajasidan yuqori boʻlgan.

Eng past koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida — 4,86 mln soʻm. Natijada Toshkent shahri va Qashqadaryo oʻrtasidagi farq 7,15 mln soʻmni tashkil etib, poytaxtdagi oʻrtacha maosh 2,5 baravar yuqori boʻlgan.
Keyingi eng past koʻrsatkichlar Surxondaryoda 4,94 mln soʻm, Fargʻonada 5,16 mln soʻm, Namanganda 5,19 mln soʻm va Samarqandda 5,19 mln soʻmni tashkil etgan.
Ish haqining eng yuqori yillik oʻsishi Jizzax viloyatida kuzatilib, 20,4 foizga yetgan. Namanganda oʻsish 19,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, eng past surʼat Andijonda — 15,1 foiz qayd etilgan.
Moliya sohasida oʻrtacha ish haqi 19,1 mln soʻm
Iqtisodiy faoliyat turlari orasida eng yuqori oʻrtacha ish haqi bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida qayd etildi — 19,1 mln soʻm. Bu respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan 2,7 baravar yuqori.
Keyingi oʻrinlarda axborot va aloqa sohasi 17,42 mln soʻm hamda tashish va saqlash sohasi 11,07 mln soʻm bilan joylashgan.
Sanoatda oʻrtacha ish haqi 8,27 mln soʻm, savdoda 7,65 mln soʻm, qurilishda esa 7,03 mln soʻmni tashkil etgan.

Eng past koʻrsatkich sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda qayd etilib, oʻrtacha ish haqi 4,44 mln soʻm boʻlgan. Taʼlimda bu koʻrsatkich 4,98 mln soʻm, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 5,19 mln soʻmni tashkil etgan.
Shu tariqa, moliya tizimidagi oʻrtacha ish haqi sogʻliqni saqlash sohasidagidan 14,66 mln soʻm yoki 4,3 baravar yuqori boʻlgan.
Ayni paytda ish haqi eng tez oshgan soha tashish va saqlash boʻlib, yillik oʻsish 22,8 foizni tashkil etdi. Taʼlimda ish haqi 20,3 foiz, sogʻliqni saqlashda 20,1 foiz va qurilishda 19,9 foizga oshgan. Shunga qaramay, taʼlim va sogʻliqni saqlash mutlaq ish haqi miqdori boʻyicha quyi oʻrinlarda qolmoqda.
Oliy taʼlimdagi maosh maktabgacha taʼlimdagidan 4,4 baravar koʻp
Taʼlim tizimining oʻzida ham katta tafovut mavjud. Oliy taʼlimda oʻrtacha ish haqi 12,05 mln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, texnik va professional taʼlimda 5,37 mln soʻm, umumiy oʻrta taʼlimda 4,67 mln soʻm boʻlgan.
Maktabgacha taʼlimdagi oʻrtacha ish haqi esa 2,72 mln soʻm bilan cheklangan. Bu oliy taʼlimdagidan 4,4 baravar kam va respublika oʻrtacha koʻrsatkichining 38 foiziga teng.
Axborot va aloqa sohasida kompyuter dasturlashtirish hamda maslahat xizmatlaridagi oʻrtacha ish haqi 22,23 mln soʻmga yetgan. Moliya tizimining ayrim sugʻurta va qayta sugʻurtalash yoʻnalishlarida esa koʻrsatkich 26 mln soʻmdan oshgan.









