Oʻzbekistonda Open Banking joriy etiladi — Markaziy bank 2030 yilgacha FinTech strategiyasini tasdiqladi
Markaziy bank 2026–2030 yillarga moʻljallangan FinTech strategiyasini tasdiqladi. Hujjat Open Banking va Open Finance, ochiq API standartlari, yangi raqamli identifikatsiya infratuzilmasi hamda mintaqaviy toʻlov tizimlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Oʻzbekistonda banklar va FinTech kompaniyalari oʻrtasida mijoz roziligi asosida moliyaviy maʼlumot almashish imkonini beruvchi Open Banking tizimi joriy etiladi.
Bu Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan 2026–2030 yillarga moʻljallangan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasidagi asosiy tashabbuslardan biri hisoblanadi. Open Banking bilan birga keyinchalik Open Finance tizimi va moliyaviy tashkilotlar uchun ochiq API standartlarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Open Banking orqali mijoz oʻz roziligi bilan bankdagi ayrim maʼlumotlarini boshqa bank yoki FinTech servislariga taqdim eta oladi. Natijada turli banklardagi hisoblarni bitta servis orqali boshqarish, tranzaksiya maʼlumotlari asosida yangi moliyaviy mahsulotlar taklif qilish yoki toʻlov xizmatlarini boshqa platformalarga integratsiya qilish imkoniyatlari kengayishi mumkin.
Strategiyada FinTech loyihalarini gʻoyadan bozorgacha qoʻllab-quvvatlash uchun Innovation Hubni rivojlantirish va Regulatory Sandbox 2.0 imkoniyatlarini kengaytirish ham belgilangan. Sandbox yangi moliyaviy mahsulotlarni ommaviy bozorga chiqarishdan oldin nazorat qilinadigan muhitda sinovdan oʻtkazishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, raqamli identifikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, toʻlov tizimlarining oʻzaro ishlashini kuchaytirish hamda transchegaraviy toʻlov va pul oʻtkazmalarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda moliya sohasida sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni tajriba tariqasida qoʻllash ham koʻzda tutilgan.
Markaziy bank avvalroq 2030 yilgacha Oʻzbekiston FinTech sektoriga $1 mlrd investitsiya jalb qilish va 5 ming mutaxassis tayyorlash maqsadini eʼlon qilgan edi. Shuningdek, 200 dan ortiq litsenziyalangan bozor ishtirokchisini shakllantirish va 100 ta startapni inkubatsiya dasturlaridan chiqarish rejalashtirilgan.
Strategiya 2030 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab FinTech ekotizimining institutsional va texnologik bazasi yaratiladi, keyin esa Open Banking, ochiq API, raqamli identifikatsiya, toʻlov infratuzilmasi va AI yoʻnalishlari kengaytiriladi. Markaziy bank yakunda Oʻzbekistonni FinTech kompaniyalari uchun Markaziy Osiyodagi eng maqbul yurisdiksiyaga aylantirishni maqsad qilgan.









