Oʻzbekistonda non narxi nega oshmoqda? Tadqiqot
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 2020–2025 yillarda birinchi navli non 77,6 foizga, oliy navli non 52,5 foizga, obinon 62,4 foizga qimmatlagan.
Shu davrda birinchi navli un narxi 4 127 soʻmdan 6 440 soʻmga, oliy navli un esa 5 506 soʻmdan 9 581 soʻmga koʻtarilgan.
Narxlarning bunday oʻsishi ishlab chiqarish xarajatlari, aholi soni oʻsishi, importga qaramlik va iqlim omillari bilan bogʻlanmoqda.

Markaziy bank Oʻzbekistonda non mahsulotlari narxiga taʼsir qiluvchi omillar boʻyicha tadqiqot oʻtkazib, soʻnggi yillarda narxlarning keskin oshishi sabablarini tahlil qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2020 yildan 2025 yil may oyigacha:
birinchi navli bugʻdoy unidan tayyorlangan non 77,6 foizga,
oliy navli non 52,5 foizga,
obinon 62,4 foizga qimmatlagan.
Xuddi shu davrda:
birinchi navli un 56,9 foizga,
oliy navli un esa 73,5 foizga oshgan.
Eng katta oʻsish 2022 yilda kuzatilgan boʻlib, aynan shu yili birinchi navli non narxi 54,8 foiz, birinchi navli un 46 foiz, oliy navli un 39,5 foiz, oliy navli non 25,8 foiz, obinon esa 22,7 foizga qimmatlashgan.
Aniq raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2021 yil boshida 4 127 soʻm boʻlgan birinchi navli un 2025 yil boshida 6 440 soʻmga yetgan. Shu davrda birinchi navli non 3 129 soʻmdan 6 144 soʻmgacha koʻtarilgan, oliy navli un esa 5 506 soʻmdan 9 581 soʻmgacha qimmatlashgan.
Narxlar nega oshmoqda?
Narxlarning bunday oʻsishiga bir nechta omillar sabab boʻlmoqda. Avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bevosita taʼsir etuvchi resurslar – yonilgʻi, elektr energiyasi, gaz, suv va transport xizmatlari keskin qimmatlagan. Bu esa ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini oshirib, yakuniy mahsulot narxida aks etmoqda. Fermer va klasterlarning bugʻdoyni birja orqali sotishi ham narxlarni erkinlashtirishga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, aholi sonining oʻsishi ham talabni keskin kuchaytirmoqda. Oʻzbekiston aholisi yillik oʻrtacha 2 foizga koʻpaymoqda va har 1 million kishilik oʻsish non mahsulotlariga yillik 171 ming tonnagacha qoʻshimcha talabni yuzaga keltiradi. 2025 yil 1 aprel holatiga mamlakat aholisi 37,7 million kishiga yetgan boʻlib, keyingi besh yilda qoʻshimcha talab 670 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda.
Import va jahon bozoridagi narxlar ham asosiy omillardan biri hisoblanadi. 2021–2024 yillarda Oʻzbekistonga keltirilgan bugʻdoyning 99 foizdan ortigʻi Qozogʻistondan olib kelingan.
Bugʻdoy import narxi 2021 yilda bir tonnasi 222 dollar boʻlgan boʻlsa, 2022 yilda 280 dollarga, 2023 yilda 231 dollarga, 2024 yilda esa 190 dollarga tushgan. Un importi esa 2021 yildagi 268 dollardan 2024 yilda 323 dollargacha oshgan. Shu sababli jahon bozoridagi narx oʻzgarishlari Oʻzbekiston bozoriga tezkor va kuchli taʼsir qilmoqda.
Tadqiqotda ekologik omillar ham alohida qayd etilgan. Iqlim oʻzgarishi, yuqori harorat, qurgʻoqchilik, suv tanqisligi va samarasiz sugʻorish tizimlari bugʻdoy hosildorligini pasaytirmoqda. Yer shoʻrlanishi maydonlari 2000 yildagi 450 ming gektardan 2020 yilda 750 ming gektargacha kengaygan, bu esa hosil miqdorini sezilarli kamaytirgan. Natijada fermerlarning daromadi tushib, ichki taʼminotga bosim kuchaygan.
Geosiyosiy vaziyat ham muhim taʼsir koʻrsatmoqda. Rossiya–Ukraina mojarosi, eksport kvotalari, tranzit tariflari va boshqa savdo cheklovlari global bugʻdoy bozorida uzilishlarga olib kelib, import qiluvchi davlatlarda, jumladan Oʻzbekistonda ham narxlarning koʻtarilishiga sabab boʻlmoqda.
Markaziy bank xulosasiga koʻra, narxlarni barqarorlashtirish uchun ichki resurslardan samarali foydalanish, bugʻdoy va un ishlab chiqarish tannarxini muntazam tahlil qilish, sugʻorish va agronomik texnologiyalarni rivojlantirish, aholi isteʼmol odatlarini oʻrganib borish hamda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish zarur. Shu bilan birga, bugʻdoy importi geografiyasini kengaytirish va narxlarni barqarorlashtirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan mexanizmlarni kuchaytirish muhim yoʻnalish sifatida koʻrilmoqda.