Oʻzbekistonda milliy valyutadagi kreditlar ulushi 61 foizga yetdi
Oʻzbekistonda bank kreditlari tarkibida soʻmda ajratilgan qarzlar ulushi 61 foizga yetdi. 2025 yilda banklar kredit portfeli 13 foizga oʻsib, 604 trln soʻmga yetdi, muammoli kreditlar ulushi esa 4 foizdan 3 foizgacha kamaydi.

Oʻzbekistonda bank kreditlari tarkibida milliy valyutadagi qarzlar ulushi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlumotlarida keltirilgan.
2026 yil boshiga kelib, jami kredit portfelida milliy valyutadagi kreditlar ulushi 61 foizga yetdi. 2024 yilda bu koʻrsatkich 55 foizni tashkil qilgan. Regulyator bu holatni kredit portfelining bosqichma-bosqich “soʻmlashuvi”, yaʼni milliy valyuta ulushining izchil ortib borayotgani bilan izohlamoqda.
Milliy valyutadagi kreditlarning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Markaziy bank taʼkidlashicha, aholiga ajratilayotgan kreditlar ichki talabni qoʻllab-quvvatlovchi muhim omillardan biri boʻlib qolmoqda. Bu esa isteʼmol faolligi va iqtisodiy oʻsishga qoʻshimcha turtki bermoqda.
Chet el valyutasidagi kreditlar esa asosan korxonalarga yoʻnaltirilgan boʻlib, eksport-import operatsiyalari hamda tashqi bozorlar bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilmoqda. Bu esa valyuta risklarini tabiiy xedj qilish mexanizmi bilan uygʻunlashadi.
Ajratilgan kreditlarning 88 foizi uzoq muddatli kreditlarga toʻgʻri kelmoqda. Bu investitsion loyihalar, ipoteka dasturlari va biznesni uzoq muddatli rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilayotganini koʻrsatadi.
Markaziy bank hisob-kitoblariga koʻra, mamlakat tijorat banklarining kredit portfeli barqaror surʼatlarda kengaymoqda. Regulyator bu jarayonni ichki talab va investitsion faollikning oshishi bilan bogʻlaydi.
2025 yilda Oʻzbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 70,9 trln soʻmga yoki 13 foizga oʻsdi. Yil yakuniga kelib bank tizimining jami kredit portfeli 604 trln soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich AQSh dollarida qariyb 50,3 mlrd dollarga teng.
Shu bilan birga, bank tizimidagi muammoli kreditlar (NPL) hajmi yil davomida 3,1 trln soʻmga kamaydi. 2025 yil oxiriga kelib NPL’ning umumiy qoldigʻi 18 trln 55 mlrd soʻmni tashkil etdi. Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi yil boshidagi 4 foizdan 3 foizgacha pasaydi.









