Oʻzbekistonda mikromoliya xizmatlari hajmi yarim yilda qariyb ikki baravarga oshdi
2025 yilning yanvar–iyun oylarida kredit tashkilotlari aholiga 66,9 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatdi.
Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 92 foiz koʻp boʻlib, ulushning asosiy qismi tijorat banklariga toʻgʻri keldi.
Banklar ichida TBC Bank yetakchilik qilib, 22,3 trln soʻm bilan banklar segmentidagi mikromoliya xizmatlarining qariyb 42 foizini taʼminladi.

Oʻzbekistonda yarim yil ichida mikromoliya xizmatlari hajmi deyarli ikki baravar oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil birinchi yarmi yakunlariga bagʻishlangan mikromoliya bozoriga oid hisobotida maʼlum qilindi.
Yanvar–iyun oylarida kredit tashkilotlari 66,9 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlarini koʻrsatdi — bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 92,2 foiz koʻp. Shundan 80 foiz ulushi tijorat banklariga, 18 foiz mikromoliya tashkilotlariga, 2 foiz lombardlarga toʻgʻri keladi.
Tijorat banklarida mikromoliya xizmatlari hajmi 89,4 foizga oshib, 53,6 trln soʻmga yetdi. Mikromoliya tashkilotlarida bu koʻrsatkich 2,2 baravar oshib, 12 trln soʻmni, lombardlarda esa 31 foizga oshib, 1,3 trln soʻmni tashkil etdi.
100 mln soʻmgacha boʻlgan xizmatlar umumiy hajmning 91 foizini (61,1 trln soʻm), 100–300 mln soʻmlik xizmatlar esa 9 foizini (5,8 trln soʻm) tashkil qildi. Natijada ularning umumiy kreditlar hajmidagi ulushi 2024 yil birinchi yarmidagi 26 foizdan 2025 yilning shu davrida 34 foizga oshdi.
Banklar ichida yetakchilik xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keldi — ular 37,7 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlarini taqdim etdi (70%). Davlat banklari esa 15,9 trln soʻmlik (30%) koʻrsatkichni taʼminladi. Xususiy banklar kredit portfeli 2,2 baravar, davlat banklariniki esa 46 foizga oshdi.
Davlat banklari orasida eng katta oʻsishni “Mikrokreditbank” (2,6 baravar, jumladan mikroqarzlar 4,4 baravar), “Agrobank” (2,4 baravar, mikroqarzlar 5,5 baravar) va “Aloqabank” (2,2 baravar, mikroqarzlar 3,6 baravar) koʻrsatdi.
Xususiy banklar segmentida TBC Bank (3,2 baravar, mikroqarzlar — 3 baravar), InfinBank (3,1 baravar, kredit kartalari — 3,3 baravar) va Anorbank (75% oʻsish, mikroqarzlar — 73%) yetakchilik qildi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mikromoliya xizmatlari hajmi boʻyicha TBC Bank yetakchi boʻlib qolmoqda: koʻrsatkich oʻtgan yildagi 7 trln soʻmdan 22,3 trln soʻmga oshdi. Shunday qilib, TBC Bank banklar orasida mikromoliya xizmatlari hajmining 41,6 foizini yoki butun bozorning uchdan bir qismini tashkil qilmoqda.