Oʻzbekistonda ish qidiruvchilar soni vakansiyalarga nisbatan tezroq oʻsmoqda
2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetdi. Mart oyida vakansiyalar 9,8 foizga koʻpayganiga qaramay, ishchi kuchi taklifining talabdan tezroq oʻsishi mehnat bozorida raqobatni kuchaytirmoqda.

Markaziy bankning 2026 yil birinchi choragi boʻyicha Mehnat bozori sharhiga koʻra, yilning dastlabki ikki oyida vakansiyalar soni kamaygan. Yanvar oyida boʻsh ish oʻrinlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 foizga, fevralda esa 6,5 foizga qisqargan.
Mart oyiga kelib mehnat bozoridagi faollik sezilarli tiklangan. Oy davomida ochiq manbalarda eʼlon qilingan vakansiyalar soni 15,4 mingtani tashkil etib, 2025 yil martiga nisbatan 9,8 foizga oshgan. Bu iqtisodiyotda ishchi kuchiga talab saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.
Ish qidiruvchilar tezroq koʻpaymoqda
Boʻsh ish oʻrinlari soni oshayotganiga qaramay, ishchi kuchi taklifi bundan ancha yuqori surʼatda oʻsmoqda.
HeadHunter Uzbekistan maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning birinchi choragida faol rezyumelar soni yillik hisobda 31,5 foizga koʻpayib, 636 mingtaga yetgan.
Shunday qilib, faol rezyumelar oʻsishi mart oyidagi vakansiyalar oʻsishidan qariyb uch baravar yuqori boʻlgan. Biroq bu koʻrsatkichlar turli davrlarni — rezyumelar boʻyicha butun chorakni, vakansiyalar boʻyicha esa mart oyini qamrab oladi.
Markaziy bank ish izlovchilar sonining mehnatga boʻlgan talabdan tezroq oshishi bozordagi raqobatni kuchaytirayotganini qayd etgan. Bu holat ish haqlarining oʻsish surʼatlari bosqichma-bosqich moʻtadillashishiga ham taʼsir qilishi mumkin.
Qaysi sohalarda xodimlarga talab yuqori?
Birinchi chorakda ishchi kuchiga eng yuqori talab xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida shakllangan.
Xizmatlar sohasi va chakana savdoda xodimlarga talabning yuqoriligi isteʼmol faolligi bilan izohlangan. Umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarishda esa mehnatga talab keskin faollashgan.
Qurilish sohasidagi bandlik investitsiya sikli va mavsumiy omillarga bogʻliq boʻlsa-da, chorak davomida mazkur yoʻnalishda ham ishchi kuchiga talabning oʻsishi kuzatilgan.
Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovlarda xizmatlar va savdo sohasidagi korxonalarning xodimlar sonini oshirish boʻyicha kutilmalari yaxshilangan. Sanoatda esa bandlik boʻyicha kutilmalar asosan barqaror saqlanib qolgan.
Bandlik asosan xususiy sektor hisobiga oshmoqda
Oʻzbekistonda bandlik oʻsishining asosiy qismi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda. 2025 yilda xususiy sektorda bandlik 5,2 foizga oshib, umumiy bandlik oʻsishiga 4,2 foiz band hissa qoʻshgan.
Davlat sektorida bandlik 2,6 foizga koʻpaygan va uning umumiy oʻsishga hissasi 0,5 foiz bandni tashkil etgan.
Bandlikning eng yuqori oʻsishi xizmatlar sohasida, jumladan, moliya va sugʻurta, professional va texnik xizmatlar, shuningdek maʼmuriy hamda yordamchi xizmatlarda qayd etilgan.
Mazkur jarayonlar fonida Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi pasayishda davom etib, 2025 yilning toʻrtinchi choragi yakunida 4,8 foizni tashkil etgan.









