Oʻzbekistonda Investitsiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Asosiy tafsilotlar
Yangi kodeks loyihasida xorijiy kapital mezonini pasaytirish, investorlarga alohida menejer biriktirish va Investitsiya ombudsmanini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, “Yashil loyiha” va “Faxriy fuqaro” maqomlari hamda xorijdagi loyihalarga davlat kafolati berish nazarda tutilgan.
Pinkod loyihadagi asosiy oʻzgarishlarni bir joyga jamladi:

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini eʼlon qildi.
Kodeks loyihasi 8 boʻlim, 15 bob va 99 moddadan iborat. Unda investitsiya turlari, investorlarning huquqlari, davlat kafolatlari, imtiyoz va subsidiyalar, Hukumat bilan investitsiya shartnomalari hamda nizolarni hal etish tartibi belgilangan.
Hujjat qabul qilinsa, 2019 yilda qabul qilingan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun oʻz kuchini yoʻqotadi. Taqqoslash uchun, amaldagi qonun 12 bob va 69 moddadan iborat.
Loyihadagi muhim oʻzgarishlardan biri chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona mezoniga taalluqli. Amaldagi qonunda korxona kapitalining kamida 15 foizi xorijiy investitsiyalardan iborat boʻlsa, u chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona hisoblanadi. Kodeks loyihasida bu chegara 10 foizgacha tushirilmoqda.
Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi tushunchasi ham aniqroq belgilanmoqda. Investor Oʻzbekistondagi yuridik shaxsning kamida 10 foiz ovoz beruvchi ulushini sotib olsa, bu toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya sifatida baholanadi.
Yagona investitsiya elektron tizimi joriy etiladi
Kodeksda investitsiya jarayonlarini Investitsiyalar yagona elektron tizimiga oʻtkazish taklif qilinmoqda. Hukumat va hokimliklar bilan investitsiya shartnomalarini tuzish, qoʻshimcha kafolatlarni soʻrash, hujjatlarni kelishish hamda majburiyatlar bajarilishini nazorat qilish ushbu tizim orqali amalga oshiriladi.
Tizimda investitsiya faoliyati reyestri ham shakllantiriladi. Unda investorning nomi va tajribasi, loyihaning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, kiritilgan investitsiya hajmi, taqdim etilgan imtiyozlar hamda majburiyatlarning bajarilish holati qayd etiladi.
Bundan tashqari, har bir investorga loyiha ishga tushirilguniga qadar hamrohlik qiladigan “investitsiya menejeri” biriktirilishi mumkin. U yer olish, infratuzilmaga ulanish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda investorga koʻmaklashadi.
Alohida Investitsiya ombudsmani institutini tashkil etilishi mumkin
Loyihada alohida Investitsiya ombudsmani institutini tashkil etish nazarda tutilgan. Ombudsman prezident tomonidan besh yilga tayinlanadi, davlat organlaridan mustaqil faoliyat yuritadi va prezident oldida hisobdor boʻladi.
Investorlarning shikoyatlari 30 kun ichida koʻrib chiqilishi kerak. Qoʻshimcha tekshiruv zarur boʻlsa, bu muddat 60 kungacha uzaytirilishi mumkin. Ombudsmanning davlat organiga yuborgan tavsiyasi 15 kun ichida majburiy koʻrib chiqiladi. Tavsiyani bajarmaslik yoki zarur maʼlumotlarni taqdim etmaslik mansabdor shaxsni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlishi mumkin.
Ayni paytda kodeks Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning investorlar murojaatlarini koʻrib chiqish vakolatlarini ham saqlab qolmoqda. Shu sababli ikki institutning ayrim vazifalari (shikoyatlarni koʻrib chiqish, nizolarni sudgacha hal etish va davlat organlariga taqdimnoma kiritish) bir-birini takrorlashi mumkin. Loyihada ular oʻrtasidagi vakolatlar chegarasi toʻliq ochib berilmagan.
Investitsiya nizolari boʻyicha erta ogohlantirish tizimi ham yaratiladi. Potensial nizolar alohida reyestrda hisobga olinib, muammo aniqlansa, investor, Investitsiya ombudsmani va Adliya vazirligi xabardor qilinadi.
Xorijiy investorlarning xalqaro arbitrajga chiqish shartlari belgilanmoqda
Investor va davlat organi sud yoki arbitrajga chiqishdan oldin muzokara hamda mediatsiya orqali kelishishga harakat qilishi shart boʻladi. Mediatsiya, taraflar boshqa muddatni kelishmasa, 90 kundan oshmasligi kerak.
Xorijiy investor Oʻzbekistonga qarshi xalqaro investitsiya arbitrajiga faqat davlatning yozma roziligi mavjud boʻlganda murojaat qilishi mumkin. Bundan tashqari, investor muzokara va mediatsiyadan oʻtgan, tegishli davlat sudiga murojaat qilgan hamda belgilangan “sovutish davri”ga rioya qilgan boʻlishi talab etiladi.
Kodeksda “Yashil loyiha” maqomi ham joriy etilishi mumkin. Ekologik toza ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energiya, suv tejovchi texnologiyalar, taʼlim, inson kapitali va ilmiy tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar qoʻshimcha ragʻbatlantirilishi koʻzda tutilgan.
“Faxriy fuqaro” maqomi
Yirik investitsiya kiritgan yoki Oʻzbekistonda xayriya faoliyati bilan shugʻullangan chet elliklarga “Faxriy fuqaro” maqomini berish ham taklif qilinmoqda. Biroq loyiha bu maqom qanday huquq yoki imtiyoz berishini belgilamaydi. Uning tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Xorijdagi strategik loyihalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Kodeks Oʻzbekiston rezidentlarining xorijdagi strategik loyihalarini ham davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi. Bunday loyihalarga siyosiy tavakkalchiliklar boʻyicha kafolat, sugʻurtalashga koʻmak va ayrim xarajatlar uchun subsidiya berilishi mumkin.
Bunda davlat qoʻllab-quvvatlovi portfelining umumiy hajmi yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan, bir yilda beriladigan yangi kafolatlar esa YaIMning 0,1 foizidan oshmasligi kerak.
Loyiha qabul qilinsa, Investitsiya kodeksi rasmiy eʼlon qilingan kundan olti oy oʻtib kuchga kiradi. Jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 4 avgustga qadar davom etadi.









