Oʻzbekistonda gibrid Chevrolet Equinox sotuvi boshlandi. Narxlar
UzAuto Motors Oʻzbekistonda Chevrolet brendining ilk tashqi tarmoqdan quvvatlanuvchi gibrid avtomobili — Equinox PHEV sotuvini boshladi. Model ikki komplektatsiyada taklif etilib, narxi 463,5 mln soʻmdan boshlanadi. Avtomobil toʻliq quvvatlangan batareya va yoqilgʻi baki bilan 1 000 km dan ortiq masofani bosib oʻtishi mumkin.

UzAuto Motors Oʻzbekistonda Chevrolet brendi ostidagi ilk tashqi tarmoqdan quvvatlanuvchi gibrid — Equinox PHEV sotuvini boshladi.
Chevrolet Equinox PHEV Oʻzbekiston bozorida Activ 80KM va Activ 120KM komplektatsiyalarida sotiladi. Birinchi variant 463,5 mln soʻm, kattaroq batareyaga ega versiya esa 478,5 mln soʻm etib belgilangan. Ikki komplektatsiya oʻrtasidagi narx farqi 15 mln soʻm yoki qariyb 3,2 foizni tashkil etadi.

Equinox PHEV oddiy gibriddan farqli ravishda tashqi elektr tarmogʻidan quvvatlanadi. Activ 80KM versiyasiga 17 kVt·soatli LFP batareya oʻrnatilgan boʻlib, u faqat elektr energiyasida 80 km gacha yuradi. Activ 120KM’da esa batareya sigʻimi 24 kVt·soatga yetadi va elektr rejimidagi masofa 120 km gacha oshadi.

Shu tariqa, qimmatroq komplektatsiya uchun 15 mln soʻm qoʻshimcha toʻlov evaziga batareya sigʻimi qariyb 41 foizga, elektr quvvatida yurish masofasi esa 50 foizga koʻproq boʻladi.
Batareya toʻliq quvvatlangan va yoqilgʻi baki toʻldirilgan holatda avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 1 000 km dan oshadi.
Avtomobil 1,5 litrli turbo benzin dvigateli, 188 ot kuchiga ega elektromotor va ikki pogʻonali DHT gibrid transmissiyasi bilan jihozlangan. UzAuto Motors umumiy tizim quvvatini alohida koʻrsatmagan.

Equinox PHEV’da adaptiv kruiz-kontrol, avtomatik favqulodda tormozlash, avtomobilni harakat boʻlagida ushlab turish, koʻrinmas zonalarni kuzatish, 360 darajali kamera, oltita xavfsizlik yostiqchasi va yoʻl belgilarini aniqlash tizimi mavjud.

Salonda 11 dyuymli raqamli qurilmalar paneli va shuncha oʻlchamdagi sensorli multimedia ekrani oʻrnatilgan. Shuningdek, Apple CarPlay, simsiz quvvatlash, panoramali lyuk hamda old oʻrindiqlarni isitish va ventilyatsiya qilish funksiyalari mavjud.

Equinox PHEV UzAuto Motors tomonidan Oʻzbekistonda rasman sotuvga chiqarilayotgan Chevrolet brendining birinchi plug-in gibrid modeli boʻladi.










