Oʻzbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish 2028 yilgacha kechikishi mumkin — Fitch
Oʻzbekistonda yirik davlat banklarini xususiylashtirish 2028 yilgacha kechiktirilishi mumkin. Fitch Ratings’ga koʻra, Oʻzsanoatqurilishbank va Asakabankni sotuvga tayyorlash uchun qoʻshimcha vaqt talab etilmoqda. Amaldagi strategiyada esa 2027 yil oxirigacha ikkita davlat bankini xususiylashtirish koʻzda tutilgan.

Bu haqda Fitch Ratings’ning 19 noyabr kuni eʼlon qilingan Oʻzbekiston bank sektoridagi islohotlarga bagʻishlangan hisobotida maʼlum qilindi.
Agentlik Oʻzbekistonda bank tizimini isloh qilish jarayonlari soʻnggi ikki yil ichida jadallashganini qayd etdi. Biroq yirik davlat banklarini xususiylashtirish dastlab rejalashtirilganidan koʻproq vaqt olishi mumkin.
Xususan, asosiy eʼtibor Oʻzsanoatqurilishbank (SQB) va Asakabankni xususiylashtirishga tayyorlashga qaratilgan. Fitch har ikkala bankning kredit reytingini “BB”, prognozini esa “barqaror” darajasida baholamoqda.
Jarayonda Franklin Templeton va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) kabi xalqaro moliya institutlari ham ishtirok etmoqda. Fitch ularning jalb qilinishi banklarning biznes modellarini oʻzgartirish va xususiylashtirishga tayyorlashga yordam berishini kutmoqda.
Shunga qaramay, banklarni sotuvga tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha ishlar talab etiladi. Natijada xususiylashtirish 2028 yilgacha kechikishi mumkin.
Xususiylashtirish muddatlari avval ham uzaytirilgan
Prezidentning 2026 yil 16 fevraldagi PF-21-sonli farmoni bilan yangilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida davlat banklari sonini 2030 yil oxirigacha toʻqqiztadan toʻrttaga qisqartirish belgilangan.
Strategiyaga koʻra, 2026 yilda birorta davlat banki xususiylashtirilmaydi. Keyingi yillarda esa ularning sonini bosqichma-bosqich kamaytirish rejalashtirilgan.
Jumladan, 2027 yil oxirigacha davlat banklari soni yettitaga, 2028 yilda oltitaga, 2029 yilda beshtaga va 2030 yilda toʻrttaga tushirilishi kerak.
Bu muddatlar avvalgi rejalarga nisbatan uzaytirilgan. Pinkod 2026 yil yanvar oyida yozganidek, dastlab eʼlon qilingan strategiya loyihasida davlat banklari sonini 2026 yilda sakkiztaga kamaytirish nazarda tutilgan edi. Biroq fevralda tasdiqlangan yakuniy strategiyada xususiylashtirishning boshlanishi 2027 yilga qoldirilgan.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligining fiskal strategiyasida Oʻzsanoatqurilishbankni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025–2026 yillarga, Asakabank, Aloqabank va Turonbankniki esa 2026–2027 yillarga moʻljallangan edi.
Shu tariqa, davlat banklarini xususiylashtirish muddatlari bir necha bor qayta koʻrib chiqilgan. Fitch’ning yangi prognozi amalga oshsa, 2027 yil uchun belgilangan koʻrsatkichga erishish ham murakkablashishi mumkin.
SQB va Asakabankni xususiylashtirish nega choʻzilmoqda?
Fitch davlat banklarida avvalgi yillardan qolgan muammoli aktivlar xususiylashtirish jarayonidagi asosiy xavflardan biri ekanini taʼkidlamoqda.
Xususan, SQB va Asakabank 2025 yilda kreditlarni tasniflash talablarini kuchaytirgan. Natijada banklarning moliyaviy hisobotlarida qadrsizlangan kreditlar hajmi oshgan.
Agentlikka koʻra, muammoli aktivlar bilan ishlashni davom ettirish banklarning moliyaviy holatini yaxshilash va ularni potensial investorlar uchun jozibador qilishda muhim ahamiyatga ega.
Avvalroq S&P Global Ratings ham SQB’ni xususiylashtirish murakkab jarayon boʻlib, bir necha yil davom etishi mumkinligini bildirgan edi.
Agentlikning avgust oyidagi baholashiga koʻra, hukumat dastlab bankdagi minoritar ulushni xalqaro investorlarga sotishni rejalashtirmoqda. Biroq SQB yaqin ikki yil davomida davlat bilan mustahkam aloqalarini saqlab qolishi kutilmoqda.
S&P maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil oxirida SQB moliyalashtirishining qariyb 59 foizi davlat va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan shakllangan.
Bankning uchinchi bosqich kreditlari va balansiga oʻtgan koʻchmas mulklari ulushi esa 2023 yildagi 5,1 foizdan 2025 yilda 9,1 foizgacha oshgan. S&P ushbu koʻrsatkich kelgusi 12–24 oyda 12 foizga yetishi mumkinligini prognoz qilgan.
Asakabankni xususiylashtirishga tayyorlash uchun esa davlat tomonidan qoʻshimcha moliyaviy yordam ajratilishi belgilangan.
Prezidentning 2026 yil 20 apreldagi PQ-149-sonli qaroriga koʻra, joriy yilda bank ustav kapitaliga davlat byudjetidan 95 mln dollar ekvivalentida mablagʻ kiritilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, YeTTB tomonidan Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olish boʻyicha hamkorlikning asosiy shartlari kelishilgan. Bankning 2024–2025 yillardagi sof foydasi esa kapital bazasini mustahkamlash uchun taqsimlanmaydi.
Qarorda Asakabank balansidagi asosiy faoliyatiga aloqador boʻlmagan aktivlarni chiqarish, muammoli kreditlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash hamda bank faoliyatini bozor tamoyillari asosida tashkil etish choralari ham belgilangan.
Aloqabank va Turonbankning xususiylashtirilishi ham noaniq
Fitch avvalroq Aloqabank va Turonbankni yaqin muddatda xususiylashtirishni kutmayotganini bildirgan edi.
Agentlikning iyun oyidagi baholashiga koʻra, hukumat ushbu banklardagi nazorat paketlarini 2030 yil oxirigacha xorijiy strategik investorlarga sotishni rejalashtirgan. Biroq ularni xususiylashtirish yirikroq davlat banklari muvaffaqiyatli sotilganidan keyingina amalga oshishi mumkin.
Fitch Aloqabank boʻyicha alohida xavfni ham qayd etgan. Agentlikka koʻra, bank 2025 yilda yangi davlat siyosatiga oid vazifalarni olgani sababli uning xususiylashtirilish ehtimoli pasaygan. Hatto bankni sotish rejalari yakunda bekor qilinishi ham istisno etilmagan.
Turonbank boʻyicha esa keyinchalik yangi qaror qabul qilingan. Prezidentning 28 avgustdagi PF-177-sonli farmonida bankdagi davlatning 98,9 foizlik ulushi 2026–2027 yillarda ommaviy savdolarga chiqariladigan aktivlar roʻyxatiga kiritilgan.
Biroq bankni xususiylashtirish xalqaro maslahatchilar xulosasi va uning sotuvga tayyorlik darajasiga qarab amalga oshirilishi belgilangan.
Fitch bank sektoridagi islohotlarni ijobiy baholamoqda
Xususiylashtirish bilan bogʻliq xavflarga qaramay, Fitch Oʻzbekiston bank sektorining oʻrta muddatli istiqbollari yaxshilanayotganini qayd etdi.
Agentlik banklar faoliyat yuritadigan operatsion muhit bahosini “b” darajasidan “b+” darajasiga oshirib, prognozini “barqaror” etib belgilagan. Bunga, asosan, bank nazoratidagi islohotlar sabab boʻlgan.
Bundan tashqari, bank tizimida dollarlashuv darajasi pasaymoqda. 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra, xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 39 foizgacha, valyutadagi depozitlar ulushi esa 19 foizgacha tushgan. Har ikkala koʻrsatkich tarixiy eng past darajaga yetgan.
Banklarning depozit bazasi ham kengaymoqda. Yilning birinchi yarmida depozitlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizga oshgan.
Natijada kreditlarning depozitlarga nisbati 2021 yil oxiridagi 209 foizdan 2026 yilning birinchi yarmi yakunida 136 foizgacha pasaygan.
Shu bilan birga, Fitch davlat banklarining davlat va tashqi moliyalashtirish manbalariga qaramligi saqlanib qolayotganini taʼkidlagan.









